Qabristonlarda qabrlar atrofini to‘siqlar bilan o‘rash taqiqlanishi mumkin
Hukumatning 2011-yil 4-apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan Dafn etish joylarini saqlash, ulardan foydalanish va qabr usti yodgorliklarini o‘rnatish tartibi to‘g‘risidagi nizomga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish rejalashtirilmoqda.
Unga ko‘ra, ushbu nizomning 13-bandi yigirmanchi xatboshi bilan to‘ldiriladi.
Ya’ni, mazkur hujjat loyihasi amaliyotga tatbiq etilgan taqdirda hududiy obodonlashtirish boshqarmalari va qabristonlarning ma’muriyati «profilaktika inspektorlari bilan birgalikda qabrlar atrofini metall va boshqa to‘siqlar (o‘simliklardan iborat yashil to‘siqlardan tashqari) bilan o‘rab olinishining oldini olish hamda aniqlangan ushbu holatlarni darhol bartaraf etish, shuningdek, qo‘shni qabrlar hududlarini va bo‘sh yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi».
Shuningdek, ushbu nizomning 15-bandiga kiritilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra, «yangi qabristonlarni barpo etish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yer to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq qabristonlar tashkil etish uchun yer uchastkasi ajratish to‘g‘risida qabul qilingan qaroriga asosan tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan amalga oshiriladi».
Bundan tashqari Hukumatning mazkur qarori loyihasiga ko‘ra, 36-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
«Dafn etishga ruxsatni qabriston mudiri (nazoratchisi) faqat tibbiyot muassasasi tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan o‘lim haqidagi ma’lumotnoma yoki fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari tomonidan berilgan, o‘lim to‘g‘risida belgilangan shakldagi tegishli hujjatlar taqdim etilganidan keyingina beradi».
Loyiha Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 4-apreldagi «Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida»gi qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqidagi qarori ijrosini ta’minlashda vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter