«Prosta» bez emas, sal bet bo‘lishi kerak! — Rasul Kusherbayev
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev monopolistlarga berilayotgan imtiyozlar borasida o‘z tanqidiy fikrlarini bildirdi.
«Imtiyozlar iqtisodiyotda halol raqobatning yo‘qolib, iste’molchilarga tanlovsiz, sifati past mahsulot va xizmatlardan majburan foydalanishga olib kelishi mumkin.
Afsuski, so‘nggi vaqtlarda ayrim monopolistlarga berilayotgan alohida ustun huquqlar aholi ijtimoiy kayfiyatiga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda.
Chunki aholi shu sohada o‘zi istagan sifatli, arzon mahsulot va xizmatdan foydalana olmayapti. Bular qatoriga boqimanda «O‘zavtosanoat» tarkibidagi korxonalarga berilayotgan imtiyozlar ham kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Maxsus sanoat zonasi «Andijon viloyati sanoat xabi»ni tashkil etish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi ID-26203 (V-1) qarori loyihasida ko‘zda tutilgan imtiyozlar shunday xulosaga olib kelayapti: halol va teng sharoitda ishlashga ishongan korxona o‘z maqsadlariga Prezident nomidan foydalanib erishmaydi.
Loyihadagi toqat qilib bo‘lmas vaziyat: ayrim yurtdoshlarimiz ilojsizlikdan bir parcha sug‘oriladigan yerda «o‘zboshimcha», deb topilayotgan boshpanalarining buzilishidan hadiksirab kun o‘tkazayotgan bir vaqtda uzoq yillar shohona imkoniyat va imtiyozlar qurshovida yashagan «O‘zavtosanoat»ga (Sanoat xabi) yana 100 gektarlik sug‘oriladigan yer maydoni beg‘araz berilmoqchi. 5-6 sotixmas, 100 gektar.
Kulgilisi, oziq-ovqat xavfsizligiga «o‘zboshimcha» uy qurib yashayotgan kambag‘al aholi xavf solayapti, deb bong uramiz, kambag‘alni qiynaymiz. Yuzlab gektar sug‘oriladigan yerlarni egallayotgan monopolistlar esa oppoq, ideal.
Bu ham yetmagandek hamma yerni auksion orqali olsa, «O‘zavtosanoat» auksionsiz olmoqchi.
«Prosta» bez emas, sal bet bo‘lishi kerak.
Yana bir gap «O‘zavtosanoat» ta’sis etadigan korxona 100 gektar yerdan tashqari 2023-yil 1-yanvarga qadar import qilinadigan qurilish materiallari, uskunalar, qurilish texnikasi, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, metall konstruksiyalarini xorijdan olib kelishda bojxona to‘lovlaridan ozod bo‘lmoqchi. Yana imtiyoz...
Umid qilamanki, adolatli, kuchli fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida ketayotgan bir vaqtda «bir to‘da» ko‘zga ko‘rinmas shaxslarning lobbizmi ekanligi ko‘rinib turgan bunday loyiha qabul qilinmaydi», — deb yozadi Rasul Kusherbayev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter