Propiska tez tibbiy yordam uchun to‘siq emas
Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlar orqali tez tibbiy yordam ko‘rsatishda propiska so‘ralayotgani haqidagi chiqish va murojaatlarni o‘rganib chiqdi. Vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bu borada «Xabar.uz»ga quyidagilarni ma’lum qildi.
Ma’lumki, tez tibbiy yordam xizmatining asosiy vazifasi fuqaroning hayotiga xavf tug‘diradigan holatlarda birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatishdir. Ushbu tibbiy yordam barcha holatlarda – bemor O‘zbekiston fuqarosimi yoki chet ellik mehmonmi, bundan qat’iy nazar bepul ko‘rsatiladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 40-moddasida ham «Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega», deya qat’iy belgilab qo‘yilgan.
– Tez tibbiy yordam chaqiriqlarida chaqiriq manzilga yetib borganda, albatta, bemorning ro‘yxatga olingan manzili to‘g‘risidagi ma’lumot so‘raladi. Bu mavjud me’yoriy hujjatlarda belgilanganidek, chaqiriq qog‘ozidagi «ro‘yxatga olingan manzili» grafasini to‘ldirish uchun amalga oshiriladi, – deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bo‘lim mudiri Nasiba Mahmudova. – Chunki ertasi kuni har bir tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgan bemor to‘g‘risida aynan ro‘yxatda turgan manzili bo‘yicha tegishli birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari, ya’ni poliklinikalarga ma’lumotlar yetkaziladi. Bu esa tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgan bemorni keyinchalik poliklinikaning umumiy amaliyot shifokori va patronaj hamshirasi nazorati ostida bo‘lishini – o‘zaro integratsiyani ta’minlaydi. Tez tibbiy yordam xizmati bemorga faqat simptomatik, ya’ni kasallikning belgilarini bartaraf qilishga qaratilgan muolajalarni bajarsa, poliklinikalar esa mana shu kasallikning qaytalanmasligiga qaratilgan davo choralarini amalga oshiradi.
Shuningdek, bemorning yashash manzili uning tegishli tartibga ko‘ra dislokatsiya asosida qaysi muassasaga gospitalizatsiya qilinishini belgilaydi. Maqsad barcha shifoxonalarda bemor o‘rinlari cheklanganligi bois bemorlarni shifoxonalar bo‘yicha bir xil taqsimlanish orqali ularni samarali davolanishini ta’minlashga erishish hisoblanadi.
– Toshkent shahriga mehmon bo‘lib kelganlar va muayyan joyda vaqtinchalik ro‘yhatda turuvchilarga Toshkent shahrida doimiy propiskasi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng tartibda tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Bu masalada qonunchiligimiz insoniylikning shu darajada cho‘qqisiga chiqqanki, hattoki propiska uyoqda tursin, shaxsning fuqaroligi ham tez tibbiy yordam ko‘rsatish jarayonida ahamiyatga ega emas. «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 29-moddasiga ko‘ra, eng ko‘p tarqalgan kasalliklar, shikastlanish, zaharlanish va shoshilinch yordam talab etiladigan boshqa holatlarni davolash davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida bepul va har qanday cheklovlarsiz ko‘rsatiladi. Hayoti yoki sog‘lig‘i uchun xavfli holatda bo‘lgan shaxsga shoshilinch va (yoki) kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishni asossiz ravishda rad etish O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 591-moddasiga muvofiq, tegishli ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Bemorga joyida yordam ko‘rsatilgach, shifoxonaga olib borish talab qilinadigan holatlar mavjud bo‘lsa, Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli hujjatlariga asosan tez tibbiy yordam xodimi bemorni Toshkent shahrida joylashgan shifoxonalarga olib borishi lozim, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi yuridik bo‘limi boshlig‘i Ruslan Muhammadiyev.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, tez tibbiy xizmat ko‘rsatishda propiska bilan bog‘liq masalalarning ro‘kach qilinishi qonunbuzarlik hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter