Propiska qilish tartibi soddalashdi
«O‘zbekiston Respublikasida doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Hukumat qarori (1049-son, 28.12.2019-y.) qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq, fuqarolarni doimiy va vaqtincha propiska qilish, turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini soddalashtirish yuzasidan, jumladan, quyidagilar belgilandi:
- fuqarolarni propiska qilish, propiskadan chiqarish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish yashash joyiga yaqin va ularga qulay bo‘lgan xohlagan tuman (shahar) IIBlari tomonidan amalga oshiriladi;
- fuqarolarni propiska qilish yoki turgan joyi bo‘yicha hisobga olishda uy-joy mulkdorlari shaxsan ishtirok etishi talab qilinmaydi, hujjatlar ularning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi;
- fuqarolar yangi yashash joyiga kelganda doimiy propiska qilish yoki turgan joyi bo‘yicha hisobga olish uchun hujjatlarni taqdim etish muddati 10 kungacha uzaytirildi.
Qaror bilan, O‘zbekiston fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish, propiskadan chiqarish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, doimiy propiskaga ega bo‘lish va turgan joylari bo‘yicha hisobda turish uchun fuqarolar DXMlarga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali murojaat qilishlari ham mumkin.
Davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun BHMning 2 foizi miqdorida davlat boji undiriladi.
Qarorga ko‘ra, fuqarolarni turgan joyi bo‘yicha hisobga olish sohasida davlat xizmatini ko‘rsatish tajriba tariqasida Toshkent shahrining Bektemir va Chilonzor tumanlarida, 2021 yil 1 yanvardan boshlab esa respublika miqyosida faqat DXMlar orqali amalga oshiriladi.
Qaror bilan shuningdek, Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi.
Shuningdek, Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar – chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar toifalarining ro‘yxati tasdiqlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter