Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prokurorlarni tayyorlaydigan akademiya tashkil etildi

Prokurorlarni tayyorlaydigan akademiya tashkil etildi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 8-may kuni Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmonni imzoladi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi akademiyasi etib qayta tashkil etildi.

Quyidagilar Akademiya faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilandi:

— prokuratura organlari xodimlarida bilim va ko‘nikmalarni, shu jumladan, tizimli tahlil va tanqidiy fikrlashni, shaxsiy va ishchanlik sifatlarini rivojlantirish va takomillashtirishni, qonunlarga, fuqarolarning huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishi yuzasidan adolat va mas’uliyat kabi yuksak tuyg‘ularini shakllantirish va mustahkamlashni ta’minlovchi xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ular malakasini oshirishning yagona tizimini tashkil etish;

— zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, masofaviy ta’limni, o‘qitish va treninglarni interfaol hamda muammoli-vaziyatli uslublarini keng joriy etish;

— prokuratura organlari faoliyatini ilmiy-metodik jihatdan ta’minlash, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar o‘tkazish, qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolar hamda tadbirkorlik sub’yektlarining huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini qo‘riqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasining dolzarb muammolari yuzasidan tizimli asosda ilmiy-tadqiqot dasturlari va loyihalarini, shu jumladan, milliy, xorijiy va xalqaro grantlarni jalb qilgan holda amalga oshirish;

— qonunchilikni takomillashtirish va yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan xulosa va tavsiyalar ishlab chiqish;

— o‘qitishning amaliy xususiyatiga va prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog‘liqlikka tayangan holda magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash;

— prokuratura organlari faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash;

— huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘zaro hamkorlik masalalari yuzasidan davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish;

— prokuratura organlari faoliyatini psixologik jihatdan ta’minlash, nomzodlarni xizmatga qabul qilishda kasbiy-psixologik tanlov o‘tkazish, prokuratura organlaridagi ma’naviy-psixologik muhitni o‘rganish va uni yaxshilash yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;

— qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, normativ-huquqiy, metodik va tahliliy xususiyatga ega bo‘lgan ma’lumotlarni almashish, o‘quv jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, pedagog, ilmiy xodimlar va tinglovchilarning stajirovkalarini tizimli ravishda tashkil etish sohalarida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;

— o‘quv jarayonining sifatini oshirish bo‘yicha tajriba almashish, sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida yuridik kadrlarni tayyorlovchi, qayta tayyorlovchi va ularning malakasini oshiruvchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot, shu jumladan, xorijiy davlatlar muassasalari bilan samarali idoralararo hamkorlikni chuqurlashtirish.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring