Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prokurorlar mas’ul sektorlarda nima gaplar?

Prokurorlar mas’ul sektorlarda nima gaplar?

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Hududlar ramziy tarzda to‘rtta sektorga bo‘linib, har biriga tegishlshicha hokim, prokuror, IIB boshlig‘i va DSI rahbari mas’ul etib qo‘yilganidan xabaringiz bor. Bugunga kelib, ular o‘rtasida  xos raqobat paydo bo‘lib, ko‘p hollarda uloq prokuror mas’ul sektorlarda ketayotganini birov bilar, birov bilmas...

Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, o‘tgan qisqa davr mobaynida prokurorlar sektorlari tomonidan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularni qiynab kelayotgan muammolar yechimini topish va ijobiy hal etish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilib kelmoqda. Jumladan, pandemiya sharoitida prokurorlar sektorlaridagi 149.911 ta ehtiyojmand oilaga 7 mlrd so‘mlik oziq-ovqat, 380 mln so‘mlik dori-darmon, 12.9 mlrd so‘mlik chorva, 6.6 mlrd so‘m pul mablag‘lari  tarqatildi.

Iqtisodiy, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, qurilish komplekslaridagi loyihalar doirasida hamda rasmiy  o‘zini o‘zi band qilish va boshqa faoliyat turlari bo‘yicha 124.844 nafar ehtiyojmand oilaning ishsiz a’zolari bandligi ta’minlandi.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Ko‘rsatilgan amaliy yordamlar natijasida ijtimoiy ahvoli yaxshilanganligi sababli prokurorlar sektorlaridagi 72.451 ta (48,3 %) ehtiyojmand oila mahalliy Kengashlarning qarorlari asosida tegishli ro‘yxatlardan chiqarildi.

Sektorlarga qo‘yilayotgan vazifalar ko‘lami kundan-kunga ortayotganligi esa, ularning xalq manfaati yo‘lidagi faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarishni taqozo etmoqda. Ushbu maqsadda, ichki imkoniyatlardan foydalangan holda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarida sektorlar faoliyati bilan bog‘liq vazifalar ijrosi uchun mas’ul bo‘lgan mazkur hududlar prokurorlarining katta yordamchisi lavozimi joriy etildi.

Joriy yilning 31 oktyabr kuni Buxoro shahrida bevosita sektorlar ishi uchun mas’ul bo‘lgan katta yordamchilar ishtirokida Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli bo‘linmalari bilan hamkorlikda «Pandemiya sharoitida hamda yaqin istiqbolda sektorlar faoliyatini samarali tashkil etish borasidagi dolzarb vazifalar» mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

Tadbirda aholini qiynayotgan muammolar bilan ishlash tizimi va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, prokuratura mas’ul xodimlariga sektorlar oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalar, saxovat.argos.uz sayti bilan ishlash tartibi, sektorlarda «Temir daftar», «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari»ning yuritilishi, ularga ehtiyojmandlar, yoshlar hamda ayollarni kiritishning mezonlari, keng jamoatchilik, xususan ommaviy axborot vositalari bilan ishlashning  o‘ziga  xos jihatlari  atroflicha  tushuntirildi.

Tadbir bahs-munozara ruhida o‘tdi. Ishtirokchilar o‘zlarining qiziqtirgan barcha savollariga javob oldilar.

Tadbir ishtirokchilari Buxoro viloyati tuman va shaharlari 2-sektorlarida ham bo‘lib, yangi va muhim vazifalarni amalga oshirish mexanizmlari bilan bevosita tanishdilar hamda o‘zaro tajriba almashdilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring