Prezidentning yangi qarori ommaga e’lon qilindi
«O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ–46-son, 07.02.2023-y.) qabul qilindi.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yilidan professional va oliy ta’lim tizimida «Inson huquqlari», «Ayollar huquqlari», «Bola huquqlari» bo‘yicha o‘quv va maxsus kurslar joriy etiladi.
2023-yil 1-iyungacha mazkur kurslar joriy etiladigan professional va oliy ta’lim tashkilotlarining aniq ro‘yxati shakllantiriladi.
2023-yil 1-iyundan boshlab har yili «Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar» milliy tanlovi o‘tkazib boriladi.
Shuningdek, 2023-yil 1-martdan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari doimiy ravishda tashkil etiladi.
2023-yil 1-maydan rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida inson huquqlari va gender tenglik bo‘yicha o‘quv kurslari (soatlari) joriy qilinadi.
Qarorga ko‘ra shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar axborot-kutubxona markazlarida Inson huquqlari sohasidagi adabiyotlar yo‘nalishi tashkil etiladi.
2023-yildan Konstitutsiya qabul qilingan kun munosabati bilan o‘tkaziladigan ko‘rik-tanlovlarda ayollar, bola va yoshlar huquqlari masalalari qamrab olinishi ta’minlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter