Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident qarori bilan mahallalarda yangi lavozim joriy etiladi

Prezident qarori bilan mahallalarda yangi lavozim joriy etiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezidentning «Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada (keyingi o‘rinlarda – mahalla) yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etiladi.

Quyidagilar mahalladagi yoshlar yetakchisining (keyingi o‘rinlarda — yetakchi) asosiy vazifalari etib belgilanadi:

«Yoshlar balansi»ni shakllantirish, yoshlar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni «Yoshlar daftari» va «Yoshlar portali» elektron platformalariga kiritib borish, ular bilan samarali ish tashkil qilish;

- mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy xalq o‘yinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, Besh muhim tashabbus loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish;
- yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish;
- yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning intellektual jihatdan kamol topishini va ma’naviy rivojlanishini ta’minlash;
- huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar bilan tizimli ishlash, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yoshlarning ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilinishi va moslashuviga ko‘maklashish.

Qarorga ko‘ra, yetakchilar o‘ziga biriktirilgan mahallalarda faoliyatini quyidagi asosiy yo‘nalishlarda amalga oshiradi:

- madaniyat va san’atni targ‘ib qilish borasida — «San’at g‘unchalari» ko‘rik-tanlovi, maqom, baxshichilik va estrada bo‘yicha «Yoshlar ovozi», «Yosh musavvirlar» tanlovlari hamda «Kamalak yulduzlari» bolalar ijodiyot festivalini o‘tkazadi, shuningdek, yoshlar va bolalar teatr jamoalarini tashkil etadi;
- sog‘lom turmush tarzi va sportni ommalashtirish borasida — mini-futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, velosport, yugurish, shaxmat, shashka, badminton, kamondan otish bo‘yicha musobaqalarni tashkil etadi, salomatlik uchun 5000 qadam yurish marafoni hamda «Yosh ekolog» aksiyasini o‘tkazadi;
- axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish borasida — «Bir million dasturchi», «Dasturlashga birinchi qadam» loyihalarini amalga oshiradi, kibersport chempionati va «Axborot texnologiyalari bilimdoni» tanlovini o‘tkazadi;
- ma’naviyat va kitobxonlikni targ‘ib qilish borasida — «Zakovat» musobaqasi», «Quvnoqlar va zukkolar», «Zukko kitobxon», «Yosh kitobxon», «Yosh kitobxon oila», «Xorijiy tillar bilimdoni» va «Yosh poliglot» tanlovlari hamda «Munozara» intellektual va milliy xalq o‘yinlarini tashkil etadi;
- vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonlikni oshirish borasida — «Yosh chegarachi», «Yosh qutqaruvchi», «Quvnoq startlar», «Temurbeklar», «To‘maris malikalari», «Shunqorlar», «Yosh huquqshunos», «Yosh saylovchi», «Yosh deputat» tanlovlari hamda «Men ham askar bo‘laman» aksiyalari va harbiy qismlarga sayohatlarni tashkil etadi;
- tadbirkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash borasida — «O‘zbekiston uchun 100 g‘oya» va «Mahallaning ishbilarmon tadbirkori» tanlovlari, «Biznesga birinchi qadam» grant loyihasi hamda muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlarni tashkil etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring