Prezident yangi qaror qabul qildi
Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi.
Respublikamizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini yanada mustahkamlash hamda parrandachilik yo‘nalishidagi tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda «Parrandasanoat» uyushmasining 2021-yil 1-iyundan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan parrandachilik xo‘jaliklariga – o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, realizatsiya qilingan tuxumning har bir donasi uchun 50 so‘m hamda parranda go‘shtining har bir kilogrammi uchun 1 000 so‘m miqdorida respublika budjetidan subsidiya ajratish taklifi ma’qullandi.
Tijorat banklari tomonidan 2025-yil 1-yanvarga qadar quyidagilar uchun ajratilayotgan kredit bo‘yicha Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan:
omixta yem va parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kichik tadbirkorlik sub’yektlariga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun tijorat banki tomonidan ajratiladigan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan kredit foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 8 foiz punktidan ortiq bo‘lmagan qismi;
parrandachilik loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banki tomonidan ajratiladigan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan kredit foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 8 foiz punktidan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi.
Kushxona va muzlatkichlarni o‘z ichiga olgan parrandalarni so‘yishga mo‘ljallangan zamonaviy kompleksni (keyingi o‘rinlarda – zamonaviy kompleks) ishga tushirgan tadbirkorlik sub’yektiga loyiha qiymati 40 milliard so‘mdan oshmaydigan qismining 10 foizi miqdorida Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan subsidiya beriladi.
2021-yil 1-iyuldan boshlab 2024-yil 1-iyulga qadar asosiy faoliyat turi parrandachilik bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun ularning asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qo‘llaniladi;
2022-yil 1-iyulga qadar tuxum, parranda go‘shti va mahsulotlarini eksport qiluvchi hamda soya donini import qiluvchi tadbirkorlik sub’yektlari (ularning vakolatli vakillari)ga avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarini 50 foizigacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi;
«Parrandasanoat» uyushmasiga a’zo korxonalar tomonidan xorijiy mamlakatlardan parrandachilik sohasi ekspert va mutaxassislarini jalb qilish xarajatlari hamda ularning 6 oylik ish haqi miqdorining 50 foizi, biroq oyiga 1 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan qismi qoplab beriladi. Bunda, mazkur xarajatlar uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hisobidan 5 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Toshkent shahar, Chilonzor tumani, 20-mavze, 35a-uyda joylashgan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti huzuridagi sobiq Toshkent transport kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi (asosiy vositalari) bilan birgalikda Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Toshkent filialiga operativ boshqaruv huquqi asosida berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter