Prezident yangi farmon qabul qildi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni bilan mukofotlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni e’lon qilindi.
Yangi O‘zbekiston tarixidagi buyuk va shonli sana – Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramini xalqimiz katta shodu xurramlik bilan kutib olmoqda.
Mamlakatimizda yangi demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida o‘tgan davrda amalga oshirilgan ulkan ishlar, erishilgan yuksak natijalarda, hech shubhasiz, hayotimizning turli soha va tarmoqlarida fidokorona mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning beqiyos hissasi bor.
Bunday olijanob insonlarning el-yurt oldidagi xizmatlarini e’tirof etish va munosib taqdirlash vatandoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni yuksak marralar sari ruhlantirish, ular qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini oshirishga katta hissa qo‘shayotgan, davlatimiz iqtisodiyoti va aholi farovonligini yuksaltirishda ibrat va namuna bo‘lib kelayotgan, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlikni, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, yosh avlodni sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda alohida fidoyilik ko‘rsatayotgan yurtdoshlarimizni «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni bilan mukofotlash maqsadida:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari, jamoat birlashmalari va boshqa respublika idoralari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatlarni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, vazirliklar, idoralar va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari va boshqa mutasaddi rahbarlar «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishonlarini Mustaqillik bayrami munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan tantanali vaziyatda topshirishni ta’minlaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter