Prezident topshirig‘iga ko‘ra sohadagi haqiqiy ahvol o‘rganildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida endokrin kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash va davolash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilishi haqida xabar bergandik.
Davlat rahbari yig‘ilish boshida respublikada endokrin kasalliklarini barvaqt aniqlash va davolashga 25 yil davomida e’tibor susayib ketganini qayd etdi.
«Topshirig‘imga ko‘ra, ikki oy davomida joylarga chiqib, sohadagi haqiqiy ahvol, ham aholini, ham shifokorlarni qiynayotgan muammolar o‘rganildi.
Haqiqatdan ham, kasalliklarning oldini olish borasida birlamchi bo‘g‘inda hali qilinadigan ishlar ko‘p.
Misol uchun, so‘nggi besh yilda endokrin kasalliklari 20 foizga ortib, ayniqsa, yoshlar orasida ko‘paymoqda.
Endokrin kasalliklarining og‘ir oqibatlari asosan Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston, Andijon, Namangan va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Endokrin kasalliklarini birlamchi bo‘g‘inda erta aniqlash uchun murakkab uskunalar xarid qilish shart emas.
Buning uchun laboratoriyalarni jihozlash, zarur reaktivlar bilan ta’minlash va nafaqat endokrinolog, balki oilaviy shifokorlarni ham tayyorlash katta samara beradi», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari sohadagi muammoli masalalar mavzusini davom ettirib:
«Bitta tumanda kamida 10-15 ta laboratoriya bo‘lgani bilan qonni tahlil qilishga sharoit va mutaxassislar malakasi yetishmasligi oqibatida diabetning og‘ir asoratlari – ko‘z, buyrak va to‘piq kasalliklari bo‘yicha respublika muassasalariga murojaatlar 10 foizga oshgan.
Tuman shifoxonasida diabeti bor bemordan bir sutkalik statsionar kuzatish davomida o‘rtacha 8 marotaba qon tahlili olish zarur bo‘lsada, 15 ta laboratoriyaf va 60 dan ortiq xodimi bo‘lgan tuman darajasida buning imkoni yo‘q.
Sababi oddiy — markaziy shifoxona va markaziy poliklinikada laboratoriyalarning ish vaqti tushlik payti – soat 14-00 da tugaydi. Tunu-kun ishlaydigan shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi laboratoriyasi esa, bir hududda bo‘la turib, shifoxonaning boshqa bo‘limlariga xizmat ko‘rsatmaydi.
Yoki, tumanlarda yod defitsiti, qalqonsimon bez kasalliklarini aniqlash bo‘yicha gormonal tahlillar yo‘lga qo‘yilmagani bois, aholi xususiy laboratoriyalarga borishga majbur bo‘lmoqda.
Oqibatda xalqimiz sog‘liqni saqlash tizimidan mutlaqo norozi.
Bularni viloyat, tuman va shahar hokimlari, sog‘liqni saqlash idoralari boshliqlari bilmaydi-mi?
Shu bois, endokrin kasalliklarini barvaqt aniqlash, ularning oldini olish va davolash bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi», deya ta’kidladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter