Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident So‘x voqealari haqida gapirdi

Prezident So‘x voqealari haqida gapirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga amaliy tashrifi davom etmoqda.

Farg‘ona shahrida viloyat va tumanlar hokimlari, soha va tarmoqlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Davlatimiz rahbari o‘tgan hafta So‘x tumanida bo‘lgan voqealarga to‘xtalib, munosabat bildirdi.

Keyingi yillarda qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh joylardagi ko‘p muammolarni hal qilishga erishdik. So‘xdagi voqealar qirg‘iz xalqi bilan do‘stligimizga, bordi-keldimizga, rejalarimizga ta’sir qilmasligi kerak. Vazmin, sabr-toqatli, mehr-oqibatli bo‘lishimiz zarur. Qo‘shnichilik - ming yilchilik. Xalqlarimiz yelkadosh bo‘lib, bir-birini hurmat qilib yashashi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bosh vazir rahbarligida Hukumat komissiyasi tomonidan muammolar o‘rganilib, keng qamrovli takliflar tayyorlangan. 2020-2022-yillarda So‘x tumanini kompleks rivojlantirishga 500 milliard  so‘m mablag‘ yo‘naltirish belgilangan. 11 ming yangi ish joyi tashkil etish rejalashtirilgan.

98 ta loyiha amalga oshirilib, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalari rivojlantiriladi.

Jismoniy shaxslar yer va mol-mulk solig‘idan ozod etilib, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun daromad solig‘i stavkasi 2 barobar kamaytiriladi. 1 ming gektar ekin yerlarida suv ta’minoti yaxshilanadi.

Tuman tibbiyot birlashmasi bo‘limlari, yuqumli kasalliklar shifoxonasi, markaziy shifoxona tibbiy asbob-uskunalar va maxsus reanimobil bilan ta’minlanadi. Maktablar, qishloq vrachlik punktlari, yo‘llar va ijtimoiy ob’yektlar ta’mirlanadi.

So‘xlik yoshlar uchun vodiy viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalarida 2020/2021 o‘quv yilida davlat granti asosida maqsadli ravishda qo‘shimcha 500 ta o‘rin ajratiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring