Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident shifokorlardan kasallikni erta aniqlashni so‘radi

Prezident shifokorlardan kasallikni erta aniqlashni so‘radi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyat faollar yig‘ilishida so‘zlagan nutqi davomida sog‘liqni saqlash tizimiga alohida e’tibor qaratdi. Davlat rahbari birlamchi tibbiyot bo‘g‘inining aholi salomatligidagi o‘rni muhim ekanini ta’kidladi.

— Sog‘liqni saqlash tizimida birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini kasallikni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish, ixtisoslashtirilgan tibbiyot xizmatlarini aholiga yaqin qilish bo‘yicha boshlangan islohotlarni davom ettiramiz.

Jumladan, aholi orasida keng tarqalgan gipertoniya va qandli diabet bo‘yicha viloyatda skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi.

Viloyat tibbiyot tarmog‘i loyihalarini amalga oshirish, xususan, Sho‘rchi tumani tibbiyot birlashmasi yangi bino-inshootlarini qurish, Termiz shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasini ta’mirlash uchun maxsus Jamg‘armadan 50 milliard so‘m ajratiladi.

Birlamchi tibbiyot bo‘g‘inida kasallikni aniqlashni ko‘paytirish kerak. Kasalni kutib o‘tirmasdan, uyma-uy yurishni o‘rganish kerak. Har bir bemorga alohida e’tibor qaratish lozim. Saraton kasalligi uchinchi, to‘rtinchi bosqichda aniqlanyapti. Bu vaqtga kelib ancha kech bo‘ladi, davolash juda qiyin.

Surxondaryolik qiz onasining dardini o‘z vaqtida aytib chiqdi va uning hayotini saqlab qoldi. Onaning jigarini operatsiya qildik va davoladik. Men kecha o‘sha qizni borib ko‘rmoqchi bo‘lgandim, vaqt yetmay qoldi. Juda bilimli qiz ekan, agar u bo‘lmaganda ayolning jonini saqlab qola olmagan bo‘lardik. Kasalni erta aniqlashning foydasi katta. Soha xodimlari shunga e’tibor berishlari kerak.

Nafaqat Surxondaryoda, balki respublika bo‘yicha ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklar ko‘payib ketgan. Bu muammoga alohida e’tibor qaratish shart.

Xalqimiz sog‘lom bo‘lishi kerak. Agar odamlarimiz sog‘ bo‘lsa, hamma ishni amalga oshira olamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘z navbatida sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov tizimdagi mas’uliyatsizlik haqida gapirib o‘tdi.

— Ba’zi shifokorlarga mas’uliyat yetishmaydi. Masalan, siz prezident sifatida xonadonlarga kirib chiqyapsiz, bemorlar holidan xabar olyapsiz. Yana vazir va vazir o‘rinbosarlari ham har bir kasal bo‘yicha aylanmoqda. Lekin oddiygina tuman miqyosidagi sog‘liqni saqlash sohasi amaldori kasalni borib ko‘rmaydi, — dedi Inoyatov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring