Prezident Qarshidagi ko‘p qavatli uylarni borib ko‘rdi
Qarshi shahrining Navo mahallasida 7 ta 16 qavatli uy qurilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur turar joylarni ko‘zdan kechirdi.
Bu hududda jami 39 ta ko‘p qavatli uy barpo etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, besh bosqichda amalga oshiriladi.
Ayni paytda, birinchi bosqichda 3 ta turar joy qurib bitkazilgan. Bunyodkorlikda seysmologiya va arxitektura talablariga alohida e’tibor qaratilgan. Sifatli, energiya tejovchi materiallardan foydalanilgan. Xonadonlarning har biriga alohida suv isitish moslamalari o‘rnatilgan.
Davlatimiz rahbari uylarning qurilish texnologiyasi va sifatiga e’tibor qaratdi. Yong‘in xavfsizligini, kommunal xizmatlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.
Hudud obodonlashtirilgan, bolalar maydonchasi tashkil etilgan. Yana 4 ta ko‘p qavatli uyni kelgusi yil mart oyida foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.
Shuningdek, 1680 o‘rinli maktab, 2 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, poliklinika, supermarket, sport maydonlari, istirohat bog‘i va boshqa ob’yektlar barpo etiladi.
Bu yerda avtomobil yo‘llari qurish va ta’mirlash, Qarshi shahrida isitish, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish chora-tadbirlari taqdimoti o‘tkazildi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga safari yakunlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter