Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident qarori bilan 4 ta muzey-qo‘riqxona tashkil etiladi

Prezident qarori bilan 4 ta muzey-qo‘riqxona tashkil etiladi

Moddiy madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanalida xabar berildi.

Qarorga muvofiq Madaniyat vazirligining Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi hamda uning mintaqalararo (mintaqaviy) davlat inspeksiyalari negizida Madaniyat vazirligi huzurida Madaniy meros departamenti uning hududiy boshqarmalari tashkil etildi.

Departament moddiy madaniy meros, jumladan, arxeologiya merosi ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida maxsus vakolatli muassasa hisoblanishi belgilab qo‘yildi.

2019-2021-yillarda moddiy madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish, asrash, ilmiy tadqiq etish, targ‘ib qilish va ulardan oqilona foydalanishni tubdan takomillashtirish bo‘yicha  «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

Departament qoshida tarix, me’morchilik, moddiy madaniy meros sohasida ilmiy, amaliy tajribaga ega bo‘lgan 11 nafar olim va yuqori malakali mutaxassislardan iborat Ilmiy-ekspert kengash tuzildi.

Endilikda, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya va boshqa xo‘jalik ishlari, asrashga doir ishlarni amalga oshirish hamda ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar o‘tkazishga oid loyihalar Ilmiy-ekspert kengash bilan kelishilishi lozim, bunda uning xulosasi Departament uchun majburiy hisoblanadi.

Madaniy meros jamg‘armasi tashkil etilib, uni shakllantirish manbalari belgilab qo‘yildi.

Buxoro davlat badiiy-me’moriy muzey-qo‘riqxonasi, Samarqand davlat birlashgan tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasi, Xiva  «Ichan qal’a» davlat muzey-qo‘riqxonasi tegishlicha  «Buxoro»,  «Samarqand»,  «Ichan qal’a» davlat muzey-qo‘riqxonalari etib qayta nomlandi.

Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida tegishlicha  «Sarmishsoy»,  «Shahrisabz»,  «Termiz» va  «Qo‘qon» davlat muzey-qo‘riqxonalarini tashkil etiladi.

Qarorga ko‘ra YuNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga tarixiy-madaniy qiymatiga ko‘ra kiritilgan respublikadagi hududlar alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar hisoblanadi hamda ularda rejalashtirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari Departament hamda YuNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan majburiy tartibda kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Bunda moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari milliy ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Davlat ko‘chmas mulki hisoblangan moddiy madaniy meros ob’yektlarini operativ boshqaruv huquqi asosida yoki tekin foydalanish huquqi asosida biriktirish Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi.

Moddiy madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish bo‘yicha jamoatchi inspektorlar faoliyati tashkil etiladi, ularning qonun hujjatlari buzilishiga oid murojaatlari Departament yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan majburiy tartibda davlat nazorati shaklida tekshiriladi, bunda ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat aniqlansa, jamoatchi inspektorlar Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring