Prezident orzusidagi shahar. Mo‘ynoq, qumga aylangan Orol va ortga qaytgan oqqushlar (foto)
Qoraqalpog‘istonga press-tur tashkil etilishi haqida xabar berilganda darhol ko‘z oldimga eng avvalo Orol qumlari kelgandi. Hamma ham shunday bo‘lsa kerak, hozir Mo‘ynoqda dengiz emas, cho‘l bor. Asrimizning eng yirik ekologik fojeasini ko‘rish uchun esa dunyoning turli o‘lkalaridan kelishmoqda.
Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan press-turning ikkinchi kunida Mo‘ynoq sari yo‘l oldik. Bir vaqtlar mavjlanib turgan dengiz o‘rnini egallagan cho‘lni ko‘rish navbati nihoyat bizga ham keldi. Yo‘l bo‘yi fotoapparatlar tinim bilgani yo‘q. Ko‘rganini yetkazishni har bir jurnalist istaydi. U xoh yaxshi bo‘lsin, xoh yomon. Baxtimizga ko‘rganlarimizning barchasi ham yomon emas edi.
Mo‘ynoqqa yaqinlashganning birinchi belgisi, bu - yo‘l. Yo‘l torayib, vaqti-vaqti bilan mashinaning tomiga boshingiz tegar darajada sakray boshladingizmi, demak Mo‘ynoq tumaniga kiribsiz. Agar mana shu noxushlikdan o‘zingizni chalg‘ita olsangiz va atrofni tomosha qilib keta olsangiz, ajoyib manzaraga ko‘zingiz tushadi. Yo‘q, bu shunchaki cho‘l emas. Saksovullar shu qadar ko‘pki, o‘rmonni eslatadi. Faqat pastak, odam bo‘yidan salgina baland o‘rmon. Shunday bo‘lsa-da, beixtiyor mashinani to‘xtatib, mana shu saksovul-u yulg‘un bosib yotgan cho‘lni aylangisi keladi kishini. Afsus, vaqt tig‘iz.
Har qanday jafoga ko‘nikkan qoraqalpoq xalqi esa mana shu cho‘lda ham rizqini terib yuribdi. Ora-orada yo‘lingizdan tuya, mol-qo‘y podasi chiqib qoladi. O‘tlab yuribdi bamaylixotir. Hatto fotoapparat ob’yektiviga ham mana bunday qarab berishi mumkin.
Mo‘ynoqqa kirish oldidan bizni eng xursand qilgan jihat, mana bu ko‘l va undagi oqqushlar bo‘ldi. Orol quridi, oradan biroz vaqt o‘tib hatto yon-atrofdagi ko‘llarga ham suv kelmay qo‘ydi. Shundan so‘ng Mo‘ynoq zaminidan oqqushlarning ham qadami uzildi.
Ba’zan ozgina e’tibor ham tabiat uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Juda Orol to‘lmasa ham yon-atrofdagi ko‘llarga suv kelib qolgan edi, oqqushlar ham qaytdi. Buni bizga Mo‘ynoq tabiat muzeyidagilar aytib berishdi. Oqqushlarning qaytganiga bir yil bo‘libdi. O‘tgan yili mayda ko‘rinish bergan qushlarning salmog‘i, ko‘z tegmasin, bu yil ancha ko‘p.
Ammo topganlarimizdan ko‘ra yo‘qotganlarimiz baribir ko‘pligini Mo‘ynoq tabiat muzeyini tomosha qila boshlagach bilasiz. Muzeyga kirganingiz hamono ko‘zingiz turli jonivor va qushlarning jonsiz tanasiga tushadi. Mana bo‘ri, ana o‘rdak, bu yerda esa tulki va suvsarlar turibdi. Hech birining joni yo‘q, qotib turibdi.
Muzeydagi konserva bankalarining ba’zilariga esa 100 yil bo‘lgan. Bir vaqtlar butun dunyoga mashhur bo‘lgan Mo‘ynoq konserva zavodiga qo‘yilgan qayg‘uli haykal, desak ham bo‘lar balki.
Shu bilan birga muzeyda qoraqalpoq xalqining turmush tarziga oid turli eksponatlarga ham ko‘zingiz tushadi.
Aslida hammasi bundan ancha yomonroq bo‘lishi mumkin edi. Aniqrog‘i, yomon edi, deb bemalol aytsak ham bo‘ladi. Ikki-uch yil muqaddam bu yerlarga kelgan odam yana-da tushkun kayfiyatda qaytgan bo‘lardi. Hozir esa Mo‘ynoqqa katta e’tibor qaratilmoqda. Mana shu muzey ham o‘sha e’tiborning mevasi.
Hech bo‘lmasa bu yerga kelayotgan bolalarni ko‘rib ko‘nglingiz ko‘tariladi.
Qo‘rqinchli xronologiya. Orol dengizining 1988, 2008 va 2018 yillardagi holati. Koinotdan tushirilgan ushbu surat bir vaqtlar mana shu dengizda suzib yurgan qayiqning ortiga joylashtirilgan.
Prezident Mirziyoyev o‘tgan yili Mo‘ynoqqa qilgan tashrifi chog‘ida bir qator vazifalarni belgilab berib ketgan edi. Mana shu vazifalar qatorida tabiat muzeyi, madaniyat saroyi va xalq qabulxonasi qaytadan bunyod bo‘ldi. Yangi amfiteatr qurildi. Ayni vaqtda esa shaharda park, xiyobon va stadion bunyod etish ishlari ketmoqda. Umuman, shaharga kirganingiz hamono har tomonda yo buzilayotgan, yoki qurilayotgan imoratlarni ko‘rasiz. Markaziy ko‘chaning har ikki tomonini zamonaviy ikki qavatli uylar egallashi lozim. Yaqin uch-to‘rt oyda Mo‘ynoq butkul yangilanadi.
Xalqning kayfiyati ancha ko‘tarinki. Kunda-kunora yangiliklar bo‘lib turibdi. Masalan, biz borgan kuni shahar maktablariga 3 kilometr va undan uzoqroqdan qatnaydigan o‘quvchilarga velosiped tarqatilayotgan ekan. Xalq ta’limi vazirligi va prokuratura bosh boshqarmasi homiyligida o‘tgan bu tadbirga birrov kirib o‘tdik.
Mo‘ynoqning eng katta fojeasi va afsuski bugungi kunda eng o‘ziga jalb qiladigan jihati ham bu - qurib bitgan Orol. Endi uning nomi - Orolqum. Safarimizning so‘nggi bosqichi aynan shu yerga to‘g‘ri keldi.
Mo‘ynoqdagi kemalar qabristoniga kelganimizda bizni ajablantirgani - mana bu beton yo‘lak bo‘ldi. Nima kerak bor? Axir bu yerga sayyohlar beton yo‘lakda yurish emas, bir vaqtlar dengiz bo‘lgan joyda qum kezish uchun kelmaydimi?
Xullas, shunaqa gaplar. Imkon qadar ko‘rgan-kechirganlarimizni sizga yetkazishga harakat qildik. Mo‘ynoq hozir yangilanish davrida. Bu yerga yaqin vaqtlarda sayyohlar oqimi yana-da ko‘payishi shubhasiz. Buning uchun sharoitlar ham yaratilmoqda. Faqat shu yo‘l masalasini ham bir ko‘rib chiqishsa, yaxshi bo‘lardi.
Muallif: Zafar QOSIMOV
Foto: Abduqodir MO‘MINOV
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter