Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident nazari tushgan qishloq (video)

Prezident nazari tushgan qishloq (video)

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xina qishlog‘ida.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati

Prezident nazari tushgan qishloqqa bordik. Ishtixon tumani Humo qishloq fuqarolari yig‘iniga qarashli Xina qishlog‘idagi uch hojidan biri, qo‘lidan davlat rahbari choy ichgan inson — Toshquvvat hoji Rajabov bilan suhbatlashdik. Shavkat Mirziyoyev o‘tirgan so‘rida o‘tirib, Hoji buva bilan qishloq tarixi, buguni, ertasi haqida gurung qildik.

— Hoji buva, qishloqning nomi nega Xina?

— Qishlog‘imiz odamlari qadimdan savdo-sotiq bilan ham shug‘ullanib kelishgan. Mana shu yonimizdagi daryoga tushib, qayiq bilan Buxorogacha borisharkan odamlarimiz. Buxoro bozoridagi bor xinani bizning qishloq savdogarlari yetkazib berisharkan. Buning ustiga qishloqdagi chavandozlar ham otlari boshqalarnikidan ajralib tursin, deb otlarining dumiga xina surtib qo‘yisharkan. «Xinali otlar», «Xinafurushlarning qishlog‘i», «Xina bilan savdo qiladiganlar qishlog‘i» kabi so‘zlar bois bora-bora qishlog‘imiz Xina qishloq deb yuritilib ketgan ekan.

— Hoji buva, ammo bugun qishlog‘ingiz dehqonligi bilan, ayniqsa, siz prezidentimizga tomorqa haqida so‘zlab berganingizdan keyin tomorqalaridagi dehqonchiliklari bilan mashhur bo‘lib ketishdi.

— O‘zi bu ishlarni boshlagan men emas, yana muhtaram prezidentimizning o‘zlari. Agar prezidentimiz tomorqaga alohida e’tibor qaratmasalar, bir pol beda, bir pol makkayi, yana ozroq bolgar qalampiri ekib qo‘yib, tomorqaga ekin ekdik, deb yuravergan ekanmiz. Prezidentimizning dono maslahatlariga amal qilib, bugun tomorqamizning bir qarich yerini ham isrof qilmay, serdaromad ekinlar ekishni boshladik. Ro‘zg‘or uchun kerakli bo‘ladigan kartoshka, sabzi, piyozdan tashqari, tomorqaning bir tomonini issiqxona uchun ham ajratib, unga tezpishar pomidor, bodringlarni ham ekdik. Ular ancha o‘sib ham qolishdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshquvvat hoji Rajabov xonadonida.
Foto: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati

— Hoji buva, prezidentimiz bilan nimalar haqida so‘zlashdingiz?

— Men avvalo, qishloqdoshlarimning topshirig‘ini bajardim. Qishlog‘imiz prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan «Obod qishloq» dasturiga kiritilgani bois markaziy ko‘cha asfaltlangani, ta’mirtalab barcha uylar ta’mirlangani, ichimlik suvi barcha xonadonlarga yetkazilgani, gaz ta’minotida uzilish yo‘qligi, ayniqsa, prezidentimiz tashrifi sharofati bilan qishlog‘imizga yog‘ilgan fayz, baraka uchun, qishlog‘imizga kirib kelgan madaniyat, barcha ijobiy o‘zgarishlar uchun qishlog‘imiz ahli nomidan minnatdorchilik bildirdim. Bundan xursand bo‘lib ketgan muhtaram prezidentimiz «Unday bo‘lsa, bundan mening ham xursandligimni xalqingizga yetkazing va yana bir gapimni har bir xonadonga, kattayu-kichikka yetkazingki, mening hali qishlog‘ingiz ahlidan qarzim ko‘p. Qo‘shimcha mablag‘ ajratdik, qishlog‘ingizda siz, nuroniylar uchun bitta choyxona, mahalla guzari, bolalar uchun eng zamonaviy bir bog‘cha ham qurib beramiz. Hali qishlog‘ingizga yana kelaman», dedilar.

— Bu gaplarni xinaliklar qanday qabul qilishdi?

— Hammaning kayfiyati ko‘tarilib, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shilib, yangi kuch, yangi shijoat bilan hamma bunyodkorlik ishlariga kirishib ketdi. Bugun hamma o‘z tomorqasini boshqatdan ko‘rib chiqayapti. Boshqatdan tekislab, bir qismini issiqxona qilib, qolganiga ham pul bo‘ladigan narsa ekishayapti. Bu ishlarga bugun tuman hokimi Shuhrat Ne’matovning shaxsan o‘zlari bosh-qosh. «Tomorqa xizmati» degan tashkilot ochgan. Hamma ishlarimizda ana shu tashkilot ko‘makchi.

«Tomorqa xizmati» MChJ raisi Zokir O‘roqovni ham Xinada uchratdik.

— «Xizmat»imiz el xizmatiga bel bog‘lagan, — deydi Zokir aka. – Qishloq ahlining xohish-istagiga qarab, ularning tomorqalarini tekislab, yerlarini haydab, ekin ekishlariga tayyor qilib berayapmiz. Bu ishlarimiz faqat yerni ekishga tayyorlab berish bilan chegaralanib qolmaydi. Keyinchalik ekinlariga ishlov berishda ham texnikalarimiz bilan yordam beramiz, kerakli mineral o‘g‘itlar, dorilarni ham yetkazib beramiz. Nihoyat, hosil yig‘ishtirilganida yana xalqimizga ko‘makchi bo‘lamiz, ular yetishtirgan mahsulotni bozordagi narxdan 20 foiz arzonga olib, o‘zimiz bozorga olib chiqib, sotib ham beramiz. Chetga chiqarish mumkin bo‘lgan mahsulotlarni esa chetga chiqarishni ham yo‘lga qo‘yamiz.

Xullas, Xinada ishlar xinali, hamma yoq go‘zal, rang-barang. Eng muhimi, qishloq aholisining kayfiyati baland. Tillaridan prezidentimiz, el-yurtimiz haqiga qilinayotgan duo tushmaydi, qo‘llari esa ishda — yaratuvchanlik, bunyodkorlik ishida. Hamma o‘zini, hovlisini, qishlog‘ini, yurtini o‘zgartirish, yashnatish ishqi bilan band.

— Yurtimiz obod bo‘laversin! — duo qildi Toshquvvat hoji buva. — Mana shunday xayrli ishlarga bosh bo‘lib turgan muhtaram prezidentimizni Alloh qo‘llasin!

Karimberdi To‘ramurod,
«Xabar.uz»ning maxsus muxbiri.
Ishtixon tumani, Xina qishlog‘i.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring