Prezident Jizzaxda yig‘ilish o‘tkazmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan yig‘ilishda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari fursatdan foydalanib, yaqinlashib kelayotgan tinchlik, shukronalik, mehr-oqibat va saxovat ramzi bo‘lgan ulug‘ ayyom – Ramazon hayiti bilan yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni, butun xalqimizni tabrikladi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
«Bugun yana bir muhim sana – buyuk sarkarda bobomiz, Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kun», — dedi prezident.
So‘nggi yetti yilda Jizzaxda ham katta o‘zgarishlar bo‘ldi.
Bu davrda viloyatga 5 milliard dollar investitsiya, shu jumladan 3 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinib, 2,5 mingta yangi korxona ishga tushdi.
Bu orqali 45 mingta yangi doimiy ish o‘rinlari yaratildi. Tadbirkorlar 10,5 mingdan 20 minggacha ko‘paydi. Bu – respublika ko‘rsatkichidan 50 foiz ko‘p.
Hech mubolag‘asiz, Jizzaxda qishloq xo‘jaligidan sanoatga juda katta sakrash bo‘ldi, deb aytishga barcha asos bor, — qayd etiladi xabarda.
Shu bilan birga, Jizzax viloyatida iqtisodiyotni yangi bosqichga ko‘tarish, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish uchun mavjud salohiyat to‘liq ishga solinmayapti. Viloyat va tumanlar rahbariyatining bu boradagi faoliyati juda sustligi ko‘rsatib o‘tildi.
So‘nggi uch yilda Jizzaxda yillik aylanmasi 1, 10 va 100 milliard so‘mdan yuqori korxonalar ko‘paygani bilan o‘rta korxonalar sonining o‘sish sur’ati kutilganidek bo‘lmayapti.
Viloyat ekin yerida yetishtirilayotgan mahsulot boshqa viloyatlarga nisbatan 2 barobar kam.
Hudud sanoatining 80 foizi 3 ta tarmoq – avtomobilsozlik, to‘qimachilik va qurilish materiallari hissasiga to‘g‘ri keladi. Farmatsevtika, charm-sanoat, metallurgiya, mebelchilik, elektrotexnika kabi tarmoqlarning ulushi juda kam.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter