Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident ftiziatriya va pulmonologiya bo‘yicha yangi qarorni imzoladi

Prezident ftiziatriya va pulmonologiya bo‘yicha yangi qarorni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini 2023–2026-yillarda yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Qaror bilan:

1) Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) ftiziatriya va pulmonologiya kasalliklarini profilaktika qilish, tashxis qo‘yish, davolash hamda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha respublikaning bosh muassasasi etib belgilanmoqda, unga qo‘shimcha 10 ta vazifa yuklatilmoqda;

2) ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini rivojlantirish bo‘yicha 4 yilga mo‘ljallangan 13 ta banddan iborat maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlanmoqda;

3) ftiziatriya va pulmonologiya tizimlari takomillashtirilmoqda:

a) tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalardagi ftiziatriya bo‘limi va xonalari negizida mavjud ftiziatr va pulmonolog shtatlari doirasida o‘pka kasalliklari bo‘limi (ftiziopulmonologiya)ni tashkil etish;

b) tungi uyqu sifati va nafas olish funksiyasi buzilishlarini tashxislash va davolash maqsadida hududiy ftiziatriya va pulmonologiya markazlari negizida «Uyqu apnoe» maktablarini tashkil qilish;

Ma’lumot uchun: xorijiy tadqiqotlarga ko‘ra, 17-19 foizgacha yo‘l transport hodisalari oqibatidagi o‘limlarning sababi avtotransportni boshqarishda uxlab qolish holatlari hisoblanadi. Shu kabi muassasalar Germaniya, Isroil, Qozog‘iston, Koreya, Rossiya va Xitoy davlatlarida faoliyat yuritmoqda.

4) 2023-yil 1-yanvardan boshlab har yili:

a) quyidagilar amalga oshiriladi:

  • latent tuberkulyoz infeksiyasiga skrining tekshiruvlari sonini 1 mln tagacha (hozirgi kunda o‘tkazilmaydi);
  • latent tuberkulyoz infeksiyasiga chalingan shaxslarni profilaktik davolash qamrovini 21 mingtagacha (2021-y. – 12,3 ming);
  • tuberkulyoz mikrobakteriyasini tezkor gen-molekulyar tashxislash qamrovini 120 mingtagacha yetkazish (2020-y. – 80 ming, 2021-y. – 100 ming);
  • tuberkulyoz bilan kasallangan 18 ming nafar bemorni dori vositalari bilan ta’minlash, xususan:

– 1-qator (doriga sezuvchan tuberkulyoz bilan kasallangan bemorlar) – 15 ming (2020-y. – 13 ming, 2021-y. – 14 ming);

– 2 va 3-qatorlar (doriga rezistent tuberkulyoz bilan kasallangan bemorlar) – 3 ming (2020-y. – 1,9 ming, 2021-y. – 2,3 ming);

b) tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan aholi orasidan tuberkulyoz bilan kasallanishga moyilligi bo‘lgan xavf guruhiga mansub shaxslar ro‘yxati shakllantiriladi hamda:

– o‘smirlar va kattalar rentgenologik (yiliga 3,5 mln);

– bolalar immunologik (yiliga 520 ming) tekshiruvdan o‘tkaziladi;

5) 2023-yil 1-fevralga qadar ftiziatriya kasalligining Yagona elektron reyestri ishlab chiqiladi;

6) xavf guruhidagi mahkumlar bilan bevosita aloqada bo‘layotgan ichki ishlar xodimlarini yillik ko‘riklar doirasida latent tuberkulyoz infeksiyasiga skrining o‘tkazish tartibi joriy etilmoqda;

7) olis va chekka hududlarda yashovchi aholini tibbiy skriningdan o‘tkazish maqsadida «O‘pka salomatligi» mobil brigadalari tashkil etiladi;

Bunda, 13 ta Isuzu mikroavtobuslarining xaridi mahalliy budjet hisobidan, asbob-uskunalar xaridi esa xalqaro grantlar hisobidan amalga oshiriladi.

8) quyidagilarga rozilik berilmoqda:

a) Markazga Shokir Alimovning nomi tiklanishiga va uning nomidagi ilmiy maktab yaratilishiga;

b) Zomindagi ftiziatriya dispanseri negizida viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazining Zomin tumani filiali maqomi berilishiga va uning negizida ftiziatrlar amaliy maktabining ochilishiga;

v) Markazda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan Milliy referens laboratoriyasi tashkil etilishiga;

Bunda, qurilish bilan bog‘liq xarajatlar Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan (20 mlrd so‘m), jihozlash esa xorijiy grant mablag‘lari (1 mln doll.) hisobidan amalga oshiriladi.

g) Markazga, uning hududlardagi markazlariga hamda kattalar uchun sihatgohlarga kafolatlangan bepul xizmatlar paketiga kiritilmagan tibbiy xizmatlarni pullik asosda ko‘rsatishga;

9) quyidagilar tasdiqlanmoqda:

a) 29 banddan iborat chora-tadbirlar dasturi;

b) ftiziatriya muassasalarini qayta ta’mirlash dasturi;

v) ftiziatriya muassasalarini jihozlash rejasi;

g) ftiziatriya sihatgohlarini jihozlash rejasi;

Qarorda nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish Davlat budjetidan jami 351,3 mlrd so‘m, mahalliy budjetdan jami 30,3 mlrd so‘m, xorijiy grantlardan jami 26,5 mln dollar hisobidan amalga oshiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring