Prezident eski shahardagi mahallalardan birini Qur’on ilmini o‘rgatishga ixtisoslashtirishni taklif etdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida qurilayotgan Islom sivilizatsiya markazini ko‘zdan kechirgani xabar qilingan edi. Davlat rahbari tashrif vaqtida bir qator masalalarga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, Shavkat Mirziyoyev yurtimizning davlatchilik tarixiga alohida urg‘u bergan.
— Biz endi mustaqil bo‘lgan davlat emasmiz, bizning davlatchilik tariximiz ming yillarga borib taqaladi. Ilm-fan, taraqqiyot millatimiz qonida bor. Jadid bobolarimiz qatag‘on qilinmaganda biz endi amalga oshirmoqchi bo‘layotgan uchinchi renessansni ular allaqachon bajarishgan bo‘lardi.
Jadid bobolarimiz nima uchun qirib tashlandi? Chunki ular o‘z yo‘lida davom etganda mustamlakachilar tuzumiga bo‘ysunmagan bo‘lardi, xalqni ma’rifatga olib chiqardi. Buning uchun ko‘p ishlar qilishga ham ulgurishgandi, Yevropaga 70 nafar talaba bejizga yuborilmagan (O‘tgan asrning yigirmanchi yillarida jadidlar tashabbusi bilan Yevropaga talabalar yuborilgan. Ular tahsil olib qaytgach, Turkiston ravnaqi uchun xizmat qilishi kutilgan edi — tahririyat izohi). O‘sha talabalar ham qirg‘in qilingan. Biz endi jadid ota-bobolarimizning orzularini ro‘yobga chiqarishimiz lozim. Mana shu Islom sivilizatsiya markazi ham shu maqsadda xizmat qiladi, — dedi Prezident.
Davlat rahbari shu bilan birga Olmazor tumanidagi 58 ta mahallaga madaniy-ma’rifiy masalalarda tashabbus bilan chiqishni taklif etdi, deya xabar bermoqda Xabar.uz muxbiri.
— Tumandagi har bir mahalla o‘z tashabbusi bilan chiqsa yaxshi bo‘lardi. Qaysidir mahalla adabiyotga ixtisoslashsin, boshqasi esa madaniy tadbirlar o‘tkazsin. Yana bitta mahallada Qur’on ilmi o‘rgatilsin. Beruniy, Ibn Sino, Xorazmiy, Motrudiy va Al Buxoriylar merosini o‘rganadigan mahallalar kerak bizga. Masalan, Beruniy merosini qancha o‘rgansangiz ham oxiriga yeta olmaysiz. Allomalarimiz faqat bitta yo‘nalishda ilm qilishmagan, ba’zida ular bilmagan soha bo‘lmaganmikan, deb o‘ylab qolaman. Hozir olimlarimiz faqat bitta fan bo‘yicha dissertatsiya yozib, doktorlik ishini yoqlashi mumkin. Ibn Sino esa farmatsevtika bilan cheklanib qolmagan, balki arxitekturada ham tadqiqotlar qilgan, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident faollar bilan uchrashuv vaqtida O‘zbekiston tarixi va Toshkent tarixini chuqur o‘rganish kerakligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
— Men 65 yoshga to‘layotgan bo‘lsam, hayotimning 45 yilini Toshkentda o‘tkazdim. Mana shu davr mobaynida Toshkent meni tarbiyaladi. Ijtimoiy-iqtisodiy hayotda mahallalar o‘rni juda katta. Eski shahar mahallalari esa bu borada o‘rnak bo‘lishi lozim.
Mahalla raislari hamma uchun otadek bo‘ladi. Bu lavozimda faqat eng munosib odamlar ishlashi kerak. Har bitta mahallaga iqtisodiy masalalar bo‘yicha mutaxassis biriktirilgan. Ular hududning rivoji uchun yana qanday qo‘shimcha ishlar qilish mumkinligini belgilab beradi.
Bu dunyoda hamma narsa nisbiy. Agar o‘zimizga kerak narsani o‘zimiz qurmasak, chetdan birov kelib qurib bermaydi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter