Prezident Denov voqeasi haqida gapirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor davomida xizmat ko‘rsatish ob’yektlari va aholi xonadonlarida xavfsizlik masalalariga katta e’tibor berish lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Bu haqda «Xabar.uz» muxbiri xabar bermoqda.
— Tegishli mutasaddilar ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarni noturar ob’yektga aylantirishni soddalashtirish bo‘yicha Hukumatga qaror loyihasi kiritsin.
Bunda, keraksiz byurokratiyani olib tashlab, yong‘in xavfsizligi va sanitariya bo‘yicha aniq talablarni belgilasin, — dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev ushbu masalani ko‘rib chiqarkan, Denovda ro‘y bergan fojiaga alohida to‘xtalib o‘tdi.
— Denovda og‘ir voqea ro‘y berdi. Sabablarni o‘rganish uchun barcha ishni amalga oshirdik.
Bu masalada hamma ayb gaz rahbarlarida. Kam bosimga mo‘ljallangan quvurga o‘rta bosimni ulab yuborishgan. Oqibatda ikki kishi nobud bo‘ldi. Bu fojiani yashirish kerak emas, yashirmaymiz. Biz vafot etganlarning oilasini e’tiborga olganmiz, eng muhimi — bunday hodisa boshqa takrorlanishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.
Xudo saqladi bizni. Yana qancha odam vafot etishi mumkin edi. Kunduzi shu voqea yuz berganda nima bo‘lardi?
Bunday holatga boshqa yo‘l qo‘yilmasligi shart. Barcha hokimlar tegishli tashkilotlar bilan birga gaz quvurlarini xatlovdan o‘tkazadi va xavfsizlik masalalarini ko‘rib chiqadi. Har bir hokim o‘z hududi uchun javob beradi, — dedi Prezident.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter