Prezident bozorlardagi narxlar bo‘yicha yangi farmonni imzoladi
Prezidentning «Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga va monopoliyaga qarshi choralarning ta’sirchanligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra:
2022-yil 1-maydan boshlab 2023-yil 1-yanvarga qadar:
- bir qator tovarlarni (ilova) olib kirishda bojxona bojlarining nol stavkalari belgilanadi;
- savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimi nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan bojxona bojining ikki baravar stavkasi qo‘llanilmaydi.
Quyidagilarni 2022-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqish (eksport qilish) vaqtinchalik taqiqlanadi:
- o‘simlik yog‘i, shu jumladan paxta, kungaboqar yog‘i, bundan amaldagi kontraktlar (shartnomalar) doirasida 2022-yil 1-iyunga qadar oldindan to‘lovlar amalga oshirilgan holatlar, shuningdek, O‘zbekiston «bojxona hududida qayta ishlash» bojxona rejimida qayta ishlanganlari mustasno;
- kungaboqar urug‘lari (TIF TH kodi 1206 00) hamda boshqa yog‘ o‘simliklarining urug‘lari va mevalari (TIF TH kodi 1207), bundan qonunchilikda belgilangan holatlar mustasno.
Vazirlar Mahkamasiga mazkur tovarlarning ichki bozorda yetarli hajmi mavjud bo‘lgan taqdirda, ushbu bandda ko‘rsatilgan tovarlar eksportini qayta tiklash huquqi berildi.
2023-yil 1-yanvarga qadar quyidagilar:
- Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-yanvardagi «Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari tug‘risida»gi 41-son qarorida nazarda tutilgan davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlari doirasida import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish bo‘yicha cheklovlar;
- O‘zbekistonga olib kiriladigan oziq-ovqat mahsulotlarini davlat tilida majburiy markirovka qilish tartibi vaqtinchalik to‘xtatiladi.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev kuni kecha o‘tkazilgan yig‘ilishda narx-navo oshishining sabablarini aytgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter