Prezident aholi bilan suhbatda bo‘ldi (foto)
Davlatimiz rahbari Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi «Yangi Toshkent» mahallasini borib ko‘rdi. Bu haqda prezident matbuot markazi xabar berdi.
Bu yerda 130 ta kottej ta’mirlanib, kommunikatsiya tarmoqlari tiklangan. Yangi mahalla guzari, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, kutubxona, sport majmuasi, ichki yo‘llar qurilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish va obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Aholi bilan suhbatlashdi.
— Bu yerga kelganimda vaziyat juda achinarli edi. Bu mening uyim, jigarlarim, farzandlarim, deb yuragimdan o‘tkazdim. Pul topish, tashkil qilish oson bo‘lgani yo‘q. Xudoga shukr, hammasi ortda qoldi. Bu uylar sizlarga buyursin. Endi bu obodlikni asrab, yaxshi yashab, yaxshi to‘ylar qilinglar. O‘zi mening eng katta maqsadim — yoshlarni baxtli ko‘rish, — dedi davlatimiz rahbari.
Mahallada «Nafis liboslar» tikuvchilik korxonasi ham tashkil etildi. Unda 50 nafardan ziyod xotin-qiz ish boshladi. Prezidentimiz ular bilan suhbatlashdi.
— Xotin-qizlarga e’tiborni yanada kuchaytiramiz. Ayolni rozi qilolsak, jamiyatimiz fayzli bo‘ladi, hamma rejalarimizni amalga oshira olamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Korxona kelgusi yili to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga 500 ming dona mahsulot ishlab chiqariladi. Ularning bir qismini eksport qilish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari oilaviy poliklinikaga kirib, sog‘liqni saqlash xodimlari bilan suhbatlashdi. Tibbiyot bilan sport hamohangligini kuchaytirib, odamlarni sog‘lom turmush tarziga odatlantirish, aholining umrini uzaytirish masalalari yuzasidan so‘z yuritildi.
— Ko‘p yurish bilan to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini yo‘lga qo‘yib olsak, tibbiyotdagi 30-40 foiz masalani hal qilgan bo‘lamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu boradagi targ‘ibotni kengaytirish, rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter