Prezident 2019-yilgi Davlat dasturini tasdiqladi. Dasturga fuqarolarning takliflari ham kiritildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi.
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi matbuot xizmati xabar qilishicha, 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi fuqarolarning fikr-mulohazalari va takliflarini inobatga olgan holda yanada takomillashtirish maqsadida jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etildi.
Jamoatchilik muhokamasi «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan maxsus yaratilgan 2019.strategy.uz veb-sayti va Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali www.regulation.gov.uz orqali joriy yil 3-yanvardan 15-yanvarga qadar o‘tkazildi.
Shu bilan birga, Davlat dasturi muhokamasi yuzasidan televideniye, radio, elektron ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda 850 dan ortiq materiallar e’lon qilindi va 20 dan ziyod davra suhbatlari o‘tkazildi.
Jamoatchilik muhokamasi doirasida Davlat dasturi loyihasiga jami 4180 ta taklif kelib tushdi. Xususan:
- davlat dasturi loyihasining umumiy mazmuni bo‘yicha – 284 ta;
- davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish yo‘nalishi bo‘yicha – 1160 ta;
- qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish yo‘nalishi bo‘yicha – 398 ta;
- iqtisodiyotni rivojlantirish va faol investitsiya jalb etish yo‘nalishi bo‘yicha – 956 ta;
- ijtimoiy sohani rivojlantirish yo‘nalishi bo‘yicha – 1070 ta;
- xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish yo‘nalishi bo‘yicha – 312 ta taklif bildirildi.
Jamoatchilik muhokamasida fuqarolar va mutaxassislar tomonidan bildirilgan takliflarning ko‘pchiligi loyihada mavjud tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashga va rivojlantirishga qaratilgan.
Aholi va mutaxassislar takliflari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, mas’ul davlat organlari va «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan tahlil qilinib, 200 dan ortiq fuqarolarning konseptual va dolzarb takliflaridan Davlat dasturi loyihasini mazmunan takomillashtirishda foydalanildi hamda 30 ga yaqin taklif asosida tegishli bandlarga tahririy o‘zgartirishlar kiritildi.
Xususan, Foydalanuvchilar tomonidan atrof-muhit, chiqindi, obodonlashtirish va shu kabi masalalarga doir taqdim qilingan takliflarning mazmun-mohiyatidan kelib chiqib loyihaga yangi 22-band (obodonlashtirish tizimini takomillashtirish) qo‘shildi.
21 nafar fuqarolarning takliflari davlat xizmatlari markazlari faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, ularning barchasini loyihaning 29-bandini amalga oshirish orqali hal qilish rejalashtirilgan. Xususan, D.Xudoynazarov, S.Mirzayev va J.Baxramovlarning davlat xizmatlarini raqamlashtirish haqidagi fikrlari shular jumlasidandir.
50 dan ortiq foydalanuvchilarning reklama qonunchiligini ko‘rib chiqish, efirga uzatish me’yorlari va talablarini ishlab chiqish haqidagi takliflari asosida loyihaga yangi 34-band kiritildi.
60 ga yaqin foydalanuvchilar tomonidan bank sohasini takomillashtirish bo‘yicha kelib tushgan murojaatlardan loyihaning 62-bandini takomillashtirishda foydalanildi. Xususan, ushbu bandda I.Jumaniyozov, Tolibjon va Jasurbek ismli fuqarolarning banklardagi davlat ulushini kamaytirish, T.Karimov va Z.Mamadiyarovning banklarda jismoniy va yuridik shaxslarga elektron xizmat ko‘rsatishning tizimini joriy etish bo‘yicha fikrlari to‘liq aks ettirilgan.
R.Otaxonovning texnoparklar faoliyatini tartibga solish bo‘yicha taklifi asosida loyihaga yangi 229-band kiritildi.
Loyihaga kiritilmagan boshqa takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan mas’ul idoralar jalb qilingan holda alohida o‘rganiladi va mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida inobatga olinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter