Popda yangi mega-bozor foydalanishga topshirildi (foto+video)
Joriy yilning 25-may kuni Namangan viloyati, Pop tumani markazida joylashgan yangi «Pop dehqon bozori va savdo majmuasi» mega-bozori ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu bozor viloyat miqyosida eng yirik savdo majmuasi sanaladi.
Mazkur ob’yektni qurish ishlari 2018-yil avgust oyidan boshlangan va to‘qqiz oy davomida qurib bitkazilgan. Majmuani qurish tashabbuskori «Pop savdo markazi» MChJ rahbari yosh tadbirkor Sardor Rahmonov hisoblanadi.
Qurilish ishlarida jami ming nafarga yaqin ishchi qatnashdi, 48 milliard so‘m mablag‘ sarf etildi. Loyiha umumiy hududi 15 gektardan iborat bo‘lib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, kiyim-kechak, maishiy texnika vositalari bilan savdo qiladigan 400 ga yaqin savdo do‘konlari va rastalaridan tashkil topgan. Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan kitobxonlikka keng yo‘l ochilgani sabab, bepul foydalanishga imkon beriladigan kitob do‘konlari faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.
E’tiborga molik jihati, hududda tadbirkorning xalqqa beg‘araz yordami sifatida O‘zbekiston Prezidentining xalq qabulxonasi va zamonaviy Pop tumani davlat xizmatlari markazi ham qad rostlagan.
Prezidentimiz Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Pop tumaniga avtostansiya lozimligini ta’kidlagan edilar. Shu sababli, bozor hududida yangi Pop avtostansiyasi qurildi. Ushbu joydan viloyat va tuman markazlariga avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.
Mega bozor hududida 40 o‘rinlik mehmonxona ham qurib bitkazildi. Bundan tashqari, tumanda shu vaqtga qadar aholi dam olish maskani yo‘qligi bois yangi «Pop ekopark» loyihasini ham amalga oshirish ishlari ketmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter