Pensiya tayinlash bo‘yicha yangi tartib tasdiqlandi
Hukumat qarori bilan (592-son, 13.10.2022 y.) Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizom davlat pensiyalarini tayinlash, pensiya imtiyozlarini qo‘llash, qayta hisoblash, tiklash, to‘lash, pensiyadan chegirma qilish, fuqarolarning pensiya va boshqa to‘lovlar bilan ta’minlashga doir masalalarini hal qilish tartibini belgilaydi.
Tashkilotlar ma’muriyati har yili dekabrda shaxsiy varaqchalar va mehnat daftarchalari asosida keyingi yilda ham umumiy, ham imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladigan xodimlar ro‘yxatini tuzadi.
Fuqaro pensiya tayinlashni so‘rab pensiya olish huquqi paydo bo‘lgan kundan boshlab istalgan vaqtda, biror muddat bilan cheklanmagan holda murojaat etish huquqiga ega.
Pensiya tayinlash (qayta hisoblash) uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar quyidagilardan olinganida Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensiya tayinlash uchun mavjud ma’lumotlarni tekshirish to‘g‘risida qaror qabul qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi:
- jamg‘arib boriladigan pensiya tizimidan;
- pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestridan;
- fuqarolar ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestridan;
- yagona milliy mehnat tizimi idoralararo dasturiy-apparat kompleksi va boshqa vazirlik, idoralarning axborot tizimlaridan.
Quyidagilarni tayinlashni so‘rab murojaat qilganda ilova qilinishi zarur bo‘lgan hujjatlar va ma’lumotlar Yagona milliy mehnat tizimi idoralararo dasturiy-apparat kompleksida mavjud bo‘lgan hollarda ilova qilinmaydi:
- yoshga doir pensiya tayinlashni;
- nogironlik pensiyasini tayinlashni;
- boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlashni;
Pensiya tayinlashni so‘rab murojaat qilgan shaxs zarur hujjatlarni taqdim etmagan taqdirda, Pensiya jamg‘armasi bo‘limi ushbu hujjatlarni tegishli tashkilotlardan talab qilish yuzasidan yordam ko‘rsatadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter