Paxtaga majburiy jalb etilganlar aniqlandi
Bugun AOKAda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot kotibi Rahim Mahkamov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda 2020-yilgi paxta yig‘im-terimi davomida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik hamda terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish yuzasidan qat’iy nazoratni ta’minlash bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.
Qayd etilishicha, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan alohida ishchi guruhlari shakllantirilib, respublikaning 86 ta hududida 190 dan ziyod monitoringlar hamda ijtimoiy tarmoqda tarqalgan xabarlar yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazildi. Natijada, majburiy mehnatdan aziyat chekkan 320 dan ortiq fuqarolar aniqlanib, 10 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.
Respublikaning barcha tuman(shahar)larida band bo‘lmagan aholini terimga jalb qilish bo‘yicha olib borilgan ishlar, terimchilar uchun yaratilgan munosib mehnat hamda dam olish sharoitlari, terim pullarining o‘z vaqtida va belgilangan me’yoriy so‘mmada berilayotganligi o‘rganilganda, 44 ta holatda mansabdor shaxslarga nisbatan munosib mehnat sharoitlari yaratilmaganligi uchun ma’muriy jarimalar qo‘llanildi. Yuqoridagi holatlarning takrorlanmasligini oldini olish maqsadida yozma ko‘rsatmalar berildi.
Xususan, Namangan viloyatining Pop tumanida o‘tkazilgan monitoring tadbirlari davomida «Artsoft progress» klaster dalasida paxta terayotgan terimchilar uchun paxta terim pullari o‘z vaqtida berilmayotganligi aniqlandi va fermer xo‘jaligi raisi ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Shu kabi holatlar Toshkent viloyatida 9 ta, Xorazm viloyatida 7 ta, Surxondaryo viloyatida 6 ta, Buxoro viloyatida 5 ta, Namangan viloyatida 3 ta fermer xo‘jaligi rahbarlari munosib mehnat sharoitlarini yaratmaganligi, terimchilar bilan mehnat shartnomalari tuzmaganligi va paxta terimi pullarini o‘z vaqtida bermaganligi uchun ma’muriy jarimaga tortildi. Shuningdek, o‘rganish natijalarida to‘plangan hujjatlar qonunchilikka muvofiq tegishli chora ko‘rish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilmoqda.
Jumladan, Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi «Kugay» qishlog‘ida joylashgan «Jo‘raxon Jo‘rayev» fermer xo‘jaligi dalasidagi o‘rganish natijasida paxta dalalarida Markaziy bankning Namangan viloyati bosh boshqarmasi, «Trastbank» XAK Namangan filiali hamda «Namangandonmahsulotlari» AJ xodimlarining o‘rniga chiqqan fuqarolar muayyan mablag‘ evaziga paxta terayotganligi ma’lum bo‘ldi hamda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, holat yuzasidan ma’muriy chora ko‘rish maqsadida ma’muriy sudga taqdim etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter