Pastdarg‘omda it egasini qachon topadi?!
«Xabar.uz» portaliga Samarqand viloyati, Pastdarg‘om tumanidan murojaat kelib tushdi. Unga ko‘ra, tuman tibbiyot birlashmasida daydi itlar «uya» qurib olgan. Bu holatni bartaraf etishga esa mas’ullar befarq va bepisand.
«Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasi (markaziy shifoxona) qabul bo‘limiga yaqinlashar ekansiz, daydi itlar galasiga yo‘liqasiz, ha, aynan daydi itlar kutib oladi sizni», deb boshlanadi murojaat.
Bu xavotirli holatga har kuni qabul bo‘limi yonidagi tug‘ruq bo‘limiga tashrif buyuruvchi homilador ayollar, og‘ir holda shoshilinch yordam bo‘limiga olib kelingan bemorlar duch kelishga majbur. Bu tasodifiy holatmi, deb birlashma hovlisini aylanarkanmiz, «yuqumli kasalliklar» bo‘limi hovlisida, «bolalar» bo‘limining maydonchasida ham itlar izg‘ib yurganiga guvoh bo‘ldik.
Ayni fasl — daydi hayvonlar orasida quturish kasalligi avj oladigan mavsum ekanini hisobga olsak, bu holatning naqadar xavotirli ekanini ortiqcha ta’riflashga hojat qolmaydi. Tibbiyot birlashmasi xodimlariga murojaat qilinganida, ular daydi itlarni tutish, tuman obodonlashtirish boshqarmasining vazifasi ekanini, boshqarma boshlig‘i esa, bu chaqiruvlarga bepisand ekanini bildirishdi. Biz ham o‘sha obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i telefon raqamiga ulanib, vaziyatni yana bir bor ma’lum qilishga qaror qildik. Boshliq suhbatni boshidanoq, bu kabi mayda-chuydalar bilan boshimni qotirmanglar, deb duq urdi. Ma’lum bo‘lishicha, boshqarmaning daydi itlarni tutish otryadi ham, mashinasi ham bor ekanu, ammo vaqti yo‘q ekan.
— Ular paxtada, bir daqiqa ham vaqti yo‘q, — dedi boshliq. — Menga tibbiyot birlashmasi boshlig‘i rasmiy xat bilan chiqsa, keyin o‘ylab ko‘raman.
Oddiy odamlarning murojaati bilan esa, u kishining ishi yo‘q ekan. Aslida maxsus mashinaga va xodimlarga ega o‘sha bo‘lim, tumandagi barcha mahallalarga, tashkilot, muassasalarga o‘z e’lonlarini joylashtirib, faol xizmat ko‘rsatish orqali fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashi kerak emasmi? Boshqarmaning maxsus mashina va boshqa moddiy texnikalar bilan ta’minlangani, ularga sarflanayotgan xarajatlar, «Daydi itlarni tutish» otryadi xodimlarining oylik maoshi nima uchun to‘lanmoqda unda? Boshliq aytganidek, «mayda-chuyda» ishlar bilan shug‘ullanmas ekan, tuman tibbiyot birlashmasidagi daydi itlar bilan bog‘liq jiddiy, noxush va xavfli holat saqlanib qolaveradi.
Tahririyatdan: Taassufki, bu Pastdarg‘om tumanidagi daydi itlar bilan bog‘liq birinchi holat emas. Yodingizda bo‘lsa, yoz faslida daydi itlar mazkur tumanning bozorini «egallashgandi». Mas’ullar befarq qolaverar ekan, endi itlar galasining navbatdagi hujumi qaysi maskanlarga bo‘ladi: maktablargami, bog‘chalargami?..
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter