Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Partiyalar yana besh yillik pinakka ketdimi?!

Partiyalar yana besh yillik pinakka ketdimi?!

Caylov o‘tdiyu siyosiy partiyalarimizning bor-yo‘qligi bilinmay qoldi. Qaynoq masalalarda paydar-pay bayonotlar berib turgan partiyalar birdan «ovozsiz rejim»ga o‘tib oldi. Ta’bir joiz ko‘rilsa, shishirilgan pufak birdan dam qo‘yib yubordiyu shalvirab-shalpayib qoldi.

Bu orada jamiyat hayotida qanchadan-qancha «bayonotbop» voqealar ro‘y berdi.

Davlat rahbari ilk bor muxolifat masalasida ochiq bayonot berdi. Partiyalar go‘yo «bizga muxolifatning aloqasi yo‘q» degandek bir enlik munosabat bildirishga yaramadi.

«Shirinsuxanligi» bilan dong taratgan hokimi zamon Shuhrat G‘aniyev yana «hunar» ko‘rsatdi: blogerning janozasi o‘qilishini talab qildi. Jamoatchilik yana dengizdek ko‘pirib toshdi. Partiyalar esa mum tishlab turaverdi!

Mamlakatimizning turli hududlardan kelgan o‘nlab haydovchilar Oliy Majlis binosi oldida to‘planib, joriy yil 1 yanvardan kuchga kirgan yangi bojxona tartibidan arz-dod qildi. Saylov arafasida qo‘yib bersangiz, azza-bazza osmondagi oyni ham olib bermoqqa shay partiyalarimiz bu masalada ham «Jimjitlik» romanidan parcha o‘qimoqni ma’qul ko‘rdi.

Umuman, 1 yanvardan soliq va boj tizimida talay yangiliklar kuchga kirdi va aytish joizki, ularning hammasini ham jamoatchilik qarsagu olqishlar ila kutib olmadi. Xalq manfaatini himoya qilishni zimmaga olgan partiyalarimiz esa vakolatli idoralarni savolga tutmoqqa jasorat topmadi.

 Andijonlik bloger Otabek Nuriddinovning 15 sutkaga qamalishi masalasida jamiyat go‘yo ikki lagerga bo‘linib qoldi: so‘z erkinligi tarafdorlari va unga muxoliflar! Jonsarak deputat Rasul Kusherboyevning oshig‘ich bayonotini inobatga olmaganda, partiyalar ushbu muhim masalada ham «labiga kesak surtib» turaverdi!

Prokuratura idorasida sog‘liqni saqlash tizimidagi korrupsiya holati muhokama etilgani jamoatchilikda ziddiyatli munosabatlar uyg‘otdi. Mas’ullar tomonidan ko‘p sonli sog‘liqni saqlash xodimlarining yoppasiga qo‘li egrilikda ayblanishi haqli e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Saylov kampaniyasi davrida o‘ylab-netib o‘tirmay, chekka hududdagi eski simyog‘ochni yangilash vazifasini ham o‘z zimmasiga olayotgan partiya vakillari hayot-mamot masalasi bo‘lmish tibbiyot muammosiga munosabat bildirmoqni o‘ziga ep ko‘rmadi.

Lozim bo‘lsa yana talay misollarni keltirish mumkin.

Umumxalq ovoz berish tadbiri arafasidagi otashin bayonotlar shunchaki saylovoldi kampaniyasi uchunmidi?!

Ish bitib, arava loydan o‘tdimi?!

Bo‘ldimi, «stakandagi bo‘ron» tindimi?!

Parlament va kengashlardagi joylar qayta taqsimlangach, siyosiy partiyalarimiz yana pinakka, aniqrog‘i, besh yillik uyquga ketdimi?!

Partiyalarimizga soliq to‘lovchi sifatida xalq mablag‘i, saylovchi sifatida esa el ishonchini oqlash yo‘lida muttasil sa’y-ko‘shish qilmoq kerakligini eslatib qo‘ymoqchimiz.

Partiyalar saylov arafasi qop-qop va’dalar berganiga el-ulus shohid bo‘ldi. Bugun xalqning – elektoratning ozmi-ko‘pmi siyosiy ongi ochilgan, mudrab yotgan jur’atu jasorati yana qayta uyg‘ongan. Uni avvalgidek yolg‘onu o‘triklar bilan aldash oson emas. Xalq ahli siyosatdan hali va’daga vafoni talab qiladi! 

Partiyalarmizga «ot sovitar» jarayonini cho‘zib yubormaslikni tavsiya etgan bo‘lur edik. Zotan, sovib hovuridan tushgan arg‘umoqni yana poygaga olib kirish uchun uni allazamongacha tayyorlash talab etiladi.

Partiyalarimizga orzudagi erkin jamiyatga munosib harakat qilish lozimligini yana bir karra eslatmoqchimiz. Zotan, siyosiy partiyalar o‘z vazifasini bajarmay, imitatsiya bilan mashg‘ul bo‘lar ekan, demokratik jamiyat – xomxayol, ushalmas orzu, ertakdagi susambil bo‘lib qolaveradi...

Sobir Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring