«O‘zLiDeP» 42 nafar yosh ixtirochiga stipendiya beradi
«O‘zLiDeP» Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi bilan hamkorlikda kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida «Yosh innovatsiyachi» ko‘rik tanlovini o‘tkazdi.
Ko‘rik-tanlov bugun mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufayli yurtimizda yuzlab iqtidorli yoshlar o‘z salohiyatini namoyon etayotganligini yaqqol ko‘rsatdi.
Tanlov birinchi marotaba tashkil etilayotgan bo‘lsa-da, yoshlar o‘rtasida juda katta qiziqish uyg‘otdi. Chunki mazkur tanlov qiziquvchan va intiluvchan ixtirochi-ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlovchi eng birinchi tanlovlardan biridir. Ishtirokchilar ishlab chiqarish va servis, turizm, qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish borasida ishlab chiqqan innovatsion loyihalari bilan qatnashishdi. Tanlovning tuman, shahar va viloyat bosqichida qariyb 600 nafarga yaqin yigit-qiz o‘z ixtirolari va ishlanmalarini namoyish etdi.
«Yosh innovatsiyachi» ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yosh ixtirochi ishtirok etishdi.
Ko‘rik-tanovning uchinchi kuni yosh innovatsiyachilar Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi, Turin Politexnika universitetidagi zamonaviy texnika va texnologiya vositalari markazi kabi innovatsion markazlar faoliyati bilan ham tanishishdi.
Ushbu markaz xodimlari tomonidan yosh innovatsiyachilarga mamlakatimiz iqtisodiyotida innovatsion ishlanmalarning o‘rni, bu borada markazning oldida turgan asosiy vazifalar to‘g‘risida hikoya qilib berildi. Zamonaviy tadqiqot uskunalari bilan jihozlangan markaz mamlakatning turli burchaklaridan kelgan yosh innovatsiyachilarda juda katta taassurot qoldirdi.
Turin politexnika universitetida tashkil etilgan zamonaviy texnika va texnologiya vositalari yosh innovatsiyachilarga atroflicha tanishtirildi.
Shu yerning o‘zida tanlov g‘oliblariga mukofotlar topshirildi. Aytib o‘tish kerakki, ushbu tanlovning 42 ta eng faol ishtirokichisi O‘zLiDePning bir yil davomida berib boriladigan maxsus stipendiyalari egalari bo‘ldilar.
Shu kunning o‘zida tanlov g‘oliblari O‘zbekiston fanlar akademiyasi prezidiumida mamlakatmizning ko‘zga ko‘ringan olimlari, Fanlar akademiyasi akademiklari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Albatta, yosh ixtirochilar uchun bu bir umrga esda qoluvchi uchrashuv bo‘lib qolishi shubxasiz. Unda yosh innovatsiyachilar mamlakatimizda ilm-fanga yaratilayotgan keng imkoniyatlar barobarida o‘z faoliyatlarini yanada rivojlantirish borasida bevosita akademiklardan yo‘nalishlar, qimmatli maslahatlar olishdi.
Ushbu tanlov, uning doirasida bo‘lib o‘tgan tadbirlar va uchrashuvlar yosh innovatsiyachilarga yana bir bor O‘zbekistonda fanga, ilmga, yaratuvchanlikka bo‘lgan intilish qanchalik qadrlanishini, qolaversa o‘z salohiyatini shu yo‘nalishda ishlatishga intilgan har bir yoshga o‘z salohiyatini ochish uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilishini ko‘rsatdi. Ularda o‘z salohiyatiga, o‘z kelajagiga ishonch ruhini yanada qaror topishiga xizmat qildi.
Eng muhimi tadbir yakunida «O‘zLiDeP» Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi bilan hamkorlikda bunday tanlovlarni doimiy o‘tkazib borishni, qolaversa «Innovatsion g‘oyalar bankini» yuritishni rejalashtirganligi aytib o‘tildi. Maqsad bunday tanlovlarda kashf etilayotgan har bir yosh innovatsiyachi va uning kashfiyotini keyingi taqdirini bevosita kuzatib borish va zarur bo‘lsa tegishli moliyaviy, tashkiliy ko‘mak ko‘rsatgan holda ularning hayotga joriy etishini ta’minlashdan iboratdir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter