Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zdonmahsulot» oyni etak bilan yopmoqchimi?

«O‘zdonmahsulot» oyni etak bilan yopmoqchimi?

O‘tgan hafta «O‘zdonmahsulot» davlat aksiyadorlik kompaniyasi faoliyati, erishayotgan yutuqlari-yu tizimda amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi balandparvoz  maqola bir kunda ikkita saytda e’lon qilindi. Xo‘sh, nima bo‘pti, dersiz? «Berdisi»ni eshiting-da.

Kompaniya mutasaddilarining shoshilinch jurnalist yollab, oshirib-toshirib maqola yozdirib, «soqqasini berib bo‘lsayam» (maqolalarning biri «reklama huquqi» asosida berilgan, ya’nikim, Ivan Vasilevich aytganidek: «puli to‘langan») yetakchi saytlarda chiqarishining sababi bor.

Gap shundaki, saytimizda tadqiqotchi M. Ergashevning «Kaltakni fermer, holvani «O‘zdonmahsulot» yeyaveradimi?» sarlavhali maqolasi chop etilgandi. Unda fermerlarning huquqini cheklash oddiy holga aylanayotgani, yer maydonini ijaraga berishdan tortib, yetishtirgan mahsulotigacha (g‘alla misolida) narx belgilash, davlatga sotishda erki o‘zgalar qo‘llarida bo‘lib, amalda yollanma ishchiga aylanib qolgani og‘riq bilan bayon etilgandi. Eng yomoni, davlat ehtiyojlari uchun yetishtiriladigan boshoqli don mahsulotlari bo‘yicha davlatning tijoriy agenti bo‘lgan «O‘zdonmahsulot» davlat aksiyadorlik kompaniyasi (DAK) va uning tizimidagi suiiste’molchiliklar kasofati fermerlarga ham urayotgani ham alohida qayd etib o‘tilgandi.

Kompaniyaning «pulini to‘lab bo‘lsa ham» ikkita saytda chiqish qilishi «yegan shapaloqqa» sho‘rpaxta izlayotgan odamni eslatadi.  Buni «O‘zdonmahsulot» ko‘klarga ko‘tarilgan maqoladagi quyidagi jumlalar yaqqol aytib turibdi: «Ba’zan ayrim mualliflarning internetdagi veb-sahifalar va ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini go‘yoki fermer xo‘jaliklarining jonkuyari sifatida taqdim etishga urinib, bot-bot «shartnomaviy qaramlik», mahsulot narxini belgilashdagi «muammo»lar haqida jar solingan maqola va postlariga ko‘zimiz tushadi. Muayyan masalaga yechim izlaganda albatta uning mohiyatini chuqur anglash talab etiladi. Ayniqsa, biror sohani yaqindan o‘rganmay turib, ahamiyati va vazifasini tushunib yetmasdan uning faoliyatini faqat biryoqlama, noxolis baholash adolat mezonlariga to‘g‘ri kelmaydi».

Kompaniyaning «adolat mezoni» qanday — bu alohida mavzu. Saytimizda chiqqan maqola muallifi  yollanma jurnalist emas, balki tadqiqotchi. Mavzu bo‘yicha har bitta holatni chuqur o‘rganib, asosli va mantiqli mulohaza yuritganini inkor etish insofsizlikdan boshqa narsa emas. Uning kompaniya faoliyati haqidagi fikrlarini «faqat bir yoqlama», «noxolis» degan odam shunga yarasha fakt keltirishi kerak.

Ikkinchidan, agar «O‘zdonmahsulot» mutasaddilarining paytavasiga qurt tushirgan maqola rostdan ham «noxolis» va «bir tomonlama» bo‘lsa, nega ochiqdan-ochiq raddiya bermay «berkinmachoq» o‘ynaldi? Qani mantiq?

Eng qizig‘i, saytimizdagi maqolada qalamga olingan faktlarni inkor etuvchi dalil yo‘q darajada. Asosiy urg‘u bu yil fermer xo‘jaliklari 1,2 mln. gektar yer maydoniga urug‘lik don qadashgani-yu, bu ish «O‘zdonmahsulot»  tizimi korxonalari tomonidan avans tariqasida, keyin to‘lab berish sharti bilan ularga tarqatilgan 316,1 ming tonna urug‘lik don hisobiga amalga oshirilganiga beriladi. Biroq urug‘lik donining navi, eng muhimi, necha puldan tarqatilgani haqida lom-lim deyilmaydi. Mayli, gap bundayam emas, aslida. Maqolada asosiy e’tibor  «O‘zdonmahsulot» kompaniyasi tizimida suiste’molchiliklar oddiy holga aylanganiga berilgandi.

E’tibor bering:  2017—2019-yillar va 2020-yilning sakkiz oyida «O‘zdonmahsulot» DAK va uning quyi tizimidagi mansabdor shaxslariga nisbatan 93 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, shundan 78 tasi  bo‘yicha  175 nafar mansabdor shaxslari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

«O‘zdonmahsulot»ni osmonlar olib chiqqan hamkasbimiz inkor etib bo‘lmas ayni faktlar balanparvoz gaplar bilan siypalashga uringaniga nima deysiz? Ya’nikim, shaxsiy boylik orttirish yo‘lida har qanday pastkashlikdan qaytmaydigan nopok kimsalar barcha sohada ham uchrab turarkan. «Kompaniya tizimdagi ayrim korxonalar ham bundan mustasno emas», deydi muallif. Nafaqat «mustasno emas», balki tizimda suiiste’molchilik yo‘qolishi yetti qovun pishig‘i borday. Rost-da, «O‘zdonmahsulot» tarkibiga kiradigan korxonalar soni 40 taning nari-berisida. Shu korxonalarning 175 nafar rahbar xodimlari jinoiy javobgarlikka tortilgani inobatga olinsa, tizim tarkibidagi korxonalarning jinoyatga qo‘l urmagan mansabdori bormi o‘zi, degan haqli savol tug‘iladi.

Uyog‘ini so‘rasangiz, qo‘zg‘atilgan 93 ta jinoyat ishining 78 tasi bo‘yicha sud hukmi chiqarilgan. Shuning o‘zidayoq 175 nafar mansabdor shaxs jazo olmoqda (ularga qanday jazo tayinlangani ham alohida mavzu). Yana 15 ta  (93-78=15) jinoyat ishi bo‘yicha hali sud hukm chiqarmagani nazarda tutilsa, jinoiy javobgarlikka tortilgan soni yanayam ko‘payishi ehtimoli katta. Yil oxiriga borib, tizimdagi korxonalar yana elakdan o‘tkazilishi, ayni jarayonda yana ko‘pdan ko‘p o‘marishlar, suiiste’molchiliklar aniqlanishi ehtimoli past emas, bu haqda vaqti-soati kelganda mavzuga yana qaytarmiz, nasib...

Gapiraman desak gap, yozaman desak tizimda muammolar tiqilib yotibdi. Ming azobda g‘alla yetishtirib, don korxonalariga topshirgan fermerlar pulini ololmay yurganining o‘zi katta muammo. Don korxonalariga rahbar bo‘lib tayinganlarning 90 foizidan ko‘prog‘i alal-oqibat jinoiy javvorgarlikka tortilishi, shunga qaramay, bunaqa mansabning xaridorlari ko‘p ekani, buning tub sabab va oqibatlari haqida gapirishning o‘zi og‘riqli. Gapning po‘st kallasini aytsak, fermerning qadoq qo‘li va ko‘pgina don korxonalari rahbarlarining qappaygan qorni haqiqiy manzarani ko‘rsatib turaveradi...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring