Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda yashaymizu, to‘yib olma yemaymiz

O‘zbekistonda yashaymizu, to‘yib olma yemaymiz

Bozorlarda olma sotuvchilar ko‘pu, xaridorlar sanoqli.

Foto: «Bazm.uz»

Siz bunga nima deysiz?

Olmaning foydali xususiyatlari haqida ko‘p maqolalar chop etiladi. Shifokorlar ham kimyoviy dorilar iste’mol qilgandan ko‘ra tabiiy yo‘l bilan davolanishni, ayniqsa immunitetni kuchaytirish uchun kuniga ikki dona olma yeyish shartligini tinmay uqtirishadi. Olmaning bunchalar shirinligini, ko‘ngilga tegmaydigan darajada yoqimliligini, qancha ko‘p yesangiz ham hazm bo‘lib ketaverishini o‘zimiz ham yaxshi bilamiz. Lekin uning narxi-chi?!

Katta bog‘-rog‘lari bor qishloq odamlarini bilmadimu, shaharliklar olmani to‘yib iste’mol qilmasliklari hech kimga sir emas. Bozorlarda olma sotuvchilar ko‘pu, xaridorlar sanoqli. Faqatgina bayramlarda, mehmondorchilik bahona olma sotib olamiz. Yoki bo‘lmasa zaruratdan, ya’ni uyimizda organizmi vitamin moddasini yo‘qotib borayotgan keksalar bo‘lsa, homilador ayol bo‘lsa go‘sht olmasak ham olma olishga harakat qilamiz. Supermarketlarda oliy navli olmalarning yoniga yaqinlashib bo‘lmaydi. Bozorlarda-chi?

O‘zim qachon olma yoki shaftolini to‘yib yeganimni eslolmayman. Mabodo maosh olganimda ikki kilo olma sotib olsam, oilamdagilar bitta yoki ikkitadan yeyishlari mumkin. Bitta olma bilan immunitet ko‘tarilib qolarmidi? Har kuni falon pulga sotib olishni esa cho‘ntak ko‘tarmaydi.

Kelinim og‘iroyoq bo‘lgani uchun chaqaloqqa vitamin shart deya har ikki kunda bozorga borib rastalarni aylanaman. Ho‘l mevalar men kabi birgina maoshga qanoat qiladigan insonlar uchun qimmatlik qiladi. Banan, kivi, apelsinlar, mayli, xorijdan keltiriladi. Lekin oddiy olmalarimiz nega qimmatlashib bormoqda?

– Narxi qancha? – so‘rayman sotuvchidan «besh yulduz» deb nom olgan olmani ko‘rsatib.

– Kichikrog‘i o‘n to‘rt ming, kattasi o‘n sakkiz ming, – deydi.

Ha, qip-qizil, navi yaxshi olmaning narxi o‘ziga yarasha degancha mayda, ko‘m-ko‘k olmalar yoniga boraman.

– Ko‘k olma necha pul?

– Maydasi to‘qqiz ming, kattasi o‘n uch ming.

Nima qilishimni bilmay o‘ylanib qolaman. Balki kelinim qizil olma yegisi kelayotgandir. Temir moddasi ko‘k olmada ko‘proq deyishadi. Yo‘q. Homilador ayol narsaning ko‘rinishiga qarab ishtahasi ochiladi. Bor-ye, to‘qqiz ming sarflagan, yana besh ming qo‘shsam qizil olma kelarkan degan o‘yda bir kilo olma sotib olaman. Uyga kelgach kelinimning qulog‘iga shipshiyman: «Hech kimga bermang, o‘zingiz yeng, bolaga vitamin kerak». Odatda homilador ayol biroz qizg‘anchiq bo‘lib qoladi. Kelinim jilmayadi-da, olmalarni quchoqlagancha uyiga olib kirib ketadi.

Nima qilay, o‘zim umrimda berkitib narsa yemaganman. Homilador vaqtimda yegim kelgan narsani aytishga iymanib, jimjilog‘imni tishlab qo‘yaqolganman. Lekin bugun ekologiya boshqacha, yoshlarning organizmi zaifroq, shuning uchun kelinlarimizning yeb-ichishini qattiq nazoratga olishimiz shart. Sezib turibman, ba’zilar fikrlarimni o‘qib, «namuncha past bo‘lmasa, bitta olmaga shunchalikmi?» deyishayotgandir. Aniq bilamanki, daromadi yuqori odamlar vaqtini ketkazib bozor aylanmaydi, to‘g‘ri supermarketlarga borib olmaning eng sarasini shartta sotib olaveradi. Maoshi besh yuz-yetti yuz ming bo‘lganlar jimjilog‘ini tishlashsin. Bugun to‘y dasturxonlarining qimmatligi haqida gapirayapmiz. To‘ylardagi vazalarga eng oliy navdagi mevalar terilgani evaziga ham to‘y dasturxonlari qimmatlashmoqda.

Azizlar, olma mavzusi orqali ho‘l meva bilan savdo qiluvchilarni tanqid qilish niyatim yo‘q. Mevalarni sotib olib, urintirmay saqlay olish, xaridor olarmikin deb bozorda sarg‘ayib o‘tirish ham oson ish emas.

Bizning yurtimizdek baxtli diyor dunyoning hech yerida topilmaydi. Chunki o‘lkamiz serquyosh, tuproqlarimiz unumli, suvlarimiz toza, tabiatimizning o‘zi mo‘’tadil. Nima uchun shunday unumli tuprog‘imizdan yetarlicha foydalanmaymiz? Bog‘-rog‘larni yanada kengaytirib, xalqimizni olma bilan yetarlicha ta’minlay olmayapmiz?

Fursatdan foydalanib jonkuyar hukumatimizga minnatdorchilik bildiramiz. Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yillari ham bozorlarda piyoz, kartoshkalarning narxi qishga kelib qimmatlashib ketardi. Odamlar piyoz-kartoshkalarni qoplab g‘amlab olishardi. Orada shunday paytlar ham bo‘ldiki, pulimizga kartoshka, piyoz topolmay qoldik. Bitta piyozni ikkiga bo‘lib ro‘zg‘or tebratganlar ham bo‘ldi. Bugun esa o‘zimizda yetishtirilayotgan piyoz-kartoshkalarga qarab o‘tirmay, davlatimiz Rossiyadan, Belarusdan, hatto Pokistondan yetkazib berayapti. Bozorlarga borsangiz turnaqator mashinalarda qoplab kartoshka-piyoz qishi bilan arzon narxlarda turdi. Qani endi olma, shaftoli, anjir kabi ho‘l mevalar ham ko‘paytirilsa, odamlar arzon narxlarda bemalol sotib olib, to‘yib-to‘yib yeyish imkoniga ega bo‘lsa.

Nafaqat ho‘l mevalar, quruq mevalar, pista-bodomlarning ham narxi odamni chaqadigan darajada. Bolaligimda kolbasa, pishloq, sosiska bilan ishimiz bo‘lmasdi. Onamiz cho‘ntagimizga to‘rtta yong‘oq, bir qisim mayizni solib qo‘yardi. Ko‘chada o‘ynab yurib shularni yerdik. Kechgacha me’damiz to‘q yurardi. So‘nggi vaqtlarda yong‘oq, bodom, xandon pistani mehmon kutish uchun ham xarid qilishga ikkilanayapmiz. Qurbi yetmaganlar noilojlikdan sotuvchilardan ijaraga olishayapti. Yeyilgani yeyiladi, qolganlarini qaytarib topshirishadi. Bu usul isrofgarchilikdan asrash bilan birga kamxarj oilalarning mablag‘ini iqtisod qilishlariga yordam beradi.

Mayli, yong‘oq, bodom, pista yemasak ham kunimiz o‘tadi. Lekin to‘yib olma yeyishimizga imkon bor-ku. Nega shu imkonni ishga solmaymiz?

Yuqoridagi fikrlarimizga siz qanday munosabat bildirasiz, azizlar?

Ra’no Mahmudova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring