O‘zbekistonda yana bir organ tuziladi
Prezident farmoyishi (F–5634-son, 17.02.2021 y.) bilan 2021–2030 yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi konsepsiyasi tasdiqlandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar bermoqda.
Konsepsiya, jumladan, quyidagi chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi:
➖ asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, ta’lim, parvarish va boshqa zarur bo‘lgan mahsulotlar va xizmatlar olishga imkoniyati bo‘lmagan bolalarga ko‘maklashish;
➖ kasallik, ishsizlik, onalik va nogironlik kabi holatlar tufayli o‘zini o‘zi ta’minlash masalalarini to‘liq hal qila olmaydigan mehnatga layoqatli fuqarolarni kafolatlangan daromadlar bilan ta’minlash;
➖ keksa yoshdagi fuqarolarni kafolatlangan daromad bilan ta’minlash;
➖ ijtimoiy sug‘urta tizimini joriy etish.
Shunga ko‘ra, konsepsiya doirasida quyidagilarni amalga oshirish rejalashtirilgan:
- aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan yagona organni belgilash;
- olis va chekka hududlarda birlamchi va ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish va ehtiyojmand aholi uchun skrining va davolash tadbirlariga xususiy shifoxonalar jalb etish va ularga subsidiya ajratish;
- chin yetim yoshlarni uy-joy bilan ta’minlash, boshpanasiz qolgan, og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan oilalar va shaxslarni mulk huquqi berilmagan holda joylashtirish uchun mahalliy hokimliklar tomonidan uy-joylarni sotib olish tartibini joriy etish;
- tadbirkorlik va o‘zini-o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz, ayniqsa «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak bo‘lgan asbob-uskuna, mehnat qurollari xarid qilish uchun subsidiyalar berish;
- bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishda inson huquqlarini himoya qilishning yagona milliy tizimini saqlagan holda Bolalar Ombudsmani faoliyatini tashkil etish;
- imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktabgacha ta’limni uyda berish modelini joriy qilish.
2025 yilga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi negizida tuman (shahar)lar miqyosida Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etiladi.
Davlat budjetining aholini ijtimoiy himoyasiga xarajatlari ichki yalpi mahsulotga nisbatan 2019 yilgi 1 foizdan 2030 yilda 1,5 foizga yetkaziladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter