O‘zbekistonda umumta’lim elektron kutubxona loyihasini amalga oshirishda Janubiy Koreya tajribasi qo‘llaniladi
O‘zbekiston Matbuot axborot agentligi tomonidan xorijiy davlatlar kompaniyalari bilan birgalikda aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish va uni yangi bosqichga olib chiqish borasida faol hamkorlik olib borilmoqda. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida xabar berilgan.
Shunday loyihalaridan biri Janubiy Koreya Respublikasi tomonidan moliyalashtirilayotgan «Milliy umumta’lim elektron kutubxona» loyihasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Koreya Respublikasining iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik fondining moliyaviy ko‘magida «Milliy umumta’lim elektron kutubxona» loyihasini birinchi navbatda amalga oshirishga doir qaroriga asosan amalga oshirilayotgan mazkur loyiha doirasida agentlik tizimidagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Raqamlashtirish va skanerlash hamda Multimedia markazlari tashkil etilmoqda.
Mazkur loyihaga asosan o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun Koreya Respublikasida joriy qilingan elektron kutubxona faoliyati, uning texnik tizimi, ilmiy-ta’limiy axborot ma’lumotlarini foydalanuvchilarga yetkazib berish, undan foydalanish hamda boshqaruvini tashkil qilish bo‘yicha o‘quv-trening mashg‘ulotlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Bosh direktori L.Tangriyev boshchiligidagi o‘zbek delegatsiyasi 2018 yil 9-15 iyul kunlari Seul shahrida o‘tkazilayotgan seminar-treninglarda ishtirok etib, bu borada Janubiy Koreya tajribasini o‘rganishmoqda.
Alohida qayd etish kerakki, ushbu xalqaro seminar-trening O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi»ning ijrosini ta’minlash, elektron turdagi axborot-kutubxona resurslarini ko‘paytirish va ulardan internet tarmog‘i orqali foydalanish dasturini ishlab chiqish, elektron nusxalar hamda multimedia mahsulotlaridan masofadan turib foydalanishda jahon tajribasini o‘rganish va mamlakatimizdagi kutubxonalar faoliyatiga tatbiq etishda muhim ahamiyatga ega.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter