Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda soat 21:00dan keyin alkogol sotilishini taqiqlash haqida qaror loyihasi tayyorlandi

O‘zbekistonda soat 21:00dan keyin alkogol sotilishini taqiqlash haqida qaror loyihasi tayyorlandi

Foto: «aif.ru»

O‘zbekistonda soat 21:00 dan 09:00ga qadar alkogolli mahsulotlarni sotish, ko‘ngilochar savdo ob’yektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarida xizmat ko‘rsatish soat 23:00 dan boshlab to‘xtatilishi mumkin. Bu haqdagi qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida e’lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, endilikda alkogolli mahsulotlarni quyib savdo qilish faqat umumiy ovqatlanish korxonalarida alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasi asosida amalga oshiriladi.

Ko‘ngilochar savdo ob’yektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarida xizmat ko‘rsatish soat 23:00 dan boshlab to‘xtatiladi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasiga:

  • savdo ob’yektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarida alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish qoidalariga rioya qilinishi ustidan nazoratni kuchaytirish;
  • uch oy muddatda alkogolli mahsulotlar savdo qilinadigan savdo ob’yektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarini texnik qo‘riqlash vositalari, yong‘indan darak beruvchi, qo‘riqlash signalizatsiyalari va videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash hamda o‘rnatilgan tartibda ichki ishlar organlarining texnik qo‘riqlash punktlariga ulash choralarini ko‘rish vazifasi yuklangan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga alkogolli mahsulotlarning tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash, ularning salbiy ta’siri profilaktikasiga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini kuchaytirish belgilangan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga respublika bo‘yicha bir oy muddatda tegishli mutaxassislarni jalb etgan holda tungi klub ko‘rinishidagi ko‘ngilochar savdo ob’yektlarida favqulodda holatlarning oldini olish, ularning yong‘inga qarshi va sanitariya holatlarini, shuningdek ushbu ob’yektlarda shakllanayotgan ma’naviy-ijtimoiy muhitni o‘rganib chiqish va natijalari bo‘yicha qonunda belgilangan choralar ko‘rishi vazifasi yuklatilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring