O‘zbekistonda siz ko‘rishingiz shart bo‘lgan yana bir maskan

Konigil - tarixiy joy. Qadimda samarqandliklar bu yerda turli marosimlarini o‘tkazishgan. O‘rta asrlarga kelib esa saylgohga aylandi. Xuddi shu maskanda sarbadorlar hamda Amir Husayn o‘rtasida muzokara o‘tkazilgan va Amir Temur Mavlonozodaning hayotini saqlab qolgan.
Vaqt o‘tib, bu joyning tarixiyligini unutgandek bo‘ldik. Nihoyat Konigilga tarix qaytmoqda.
Shu kunlarda O‘zbekistonda barcha tuman hokimlari o‘z hududi xususiyatidan kelib chiqib ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlar bo‘yicha keng jamoatchilikka hisobot bermoqda. Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Salomovning murojaatida turizm masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Yurtimizda oxirgi yillarda sayyohlik rivoji uchun ko‘p ishlar amalga oshirilyapti. Gastronomik va ziyorat turizmi degan atamalar endi yangilik bo‘lmay qoldi. Ammo ishoning, mana shuncha tashabbuslar orasidan ham Konigil alohida e’tiborga loyiq.
Har qanday mintaqaning sayyohlar e’tiborini tortadigan alohida jihati bo‘ladi. Harchand urinmang, o‘sha «fishka»ni boshqalardan tortib ola olmaysiz. Masalan, butun dunyo Tailand, Dubay yoki Baliga dengiz bo‘yida dam olish uchun boradi. Mana shu kontentingent Shotlandiyaga o‘laqolsa bormaydi. Shotlandiya — ritsarlar va qadimgi tosh qal’alar vatani. O‘rta asrlar romantikasini qidirib yurganlar uchun ayni muddao. Xuddi shuning singari kimdir tungi hayotga qiziqadi, boshqasi esa gastronomik turizm ishqibozi.
O‘zbekistonga sayyohlar tarixiy obidalarni tomosha qilish, ziyoratgohlarni aylanish va albatta taomlarimizdan tatib ko‘rish uchun keladi. Aynan shu tomonlama Konigil qishlog‘i ayni muddao bo‘lgan — o‘zbek yuz, ikki yuz yil oldin qanday tirikchilik qilgan, nima bilan yashagan, hammasini ko‘rsatib beradi. Temirchilik ustaxonalari, moyjuvoz, un tegirmoni, moychiroq, choyxona, oshxona - hammasini Konigildan topasiz. Bu yerga Italiyadan kelgan sayyoh o‘z qo‘li bilan osh damlab ko‘rishi mumkin.
Eng muhimi - Samarqand qog‘ozini dunyoga qayta tanitgan o‘sha mashhur ustaxona aynan shu yerda joylashgan.
Buyuk alloma Abu Abdulloh Al Xorazmiy do‘stlaridan biriga xat yozarkan, undan javob kelmayotganidan gina qilgan va hazil aralash «Sizni tushunsa bo‘ladi, har holda Samarqanddan uzoqda yashaysiz, xat yozish uchun qog‘oz topish oson emas», — degan ekan. Umuman, tarix qatlarida Samarqand qog‘ozi haqida aytilgan gaplarning ancha-munchasini topasiz. «U juda chiroyli, mayin, yuqa va xat bitish uchun o‘ta qulaydir», - arabistonlik olim Abu Mansur as Salabiy qog‘ozimizga shunday baho bergan edi.
Afsuski, so‘nggi o‘rta asrlardagi turg‘unlik davrida ko‘plab qadriyatlarimiz qatorida qog‘oz ishlab chiqarish texnologiyasi ham yo‘qotildi. Deyarli ikki yuz yillik davr Samarqand qog‘ozisiz o‘tdi. Toki fidoyi hunarmand va tadbirkor Zarif Mansurov o‘sha mashhur qog‘ozni qayta tiklamaguniga qadar.
Har qanday sohaning rivoji unga sodiq odamlarga bog‘liq. Konigil qishloqchasiga kelsangiz, bunday tarixlardan bir qanchasini eshitishingiz mumkin. Qog‘ozimizni qayta tiklash uchun nima ishlar qilingan, qanday zahmatlar chekilgan, Zarif akaning o‘zi so‘zlab beradi.
Qog‘ozdan nima tayyorlasa bo‘ladi? Qiziq savol, to‘g‘rimi? Nima bo‘lardi, kitob, daftar, oling ana quti yasarsiz. To‘rva xalta, do‘ppi, chopon, kashta, o‘yinchoq, qo‘g‘irchoqchi, tayyorlasa bo‘ladimi? Bo‘ladi. Bundan ham hayratlanarli topilmalar ko‘rishni istasangiz, Konigilga kelish kerak.
Aslida bunday tarixiy qishloqchalar dunyo sayyohlik tajribasi uchun yangilik emas. Masalan, Janubiy Koreyadagi mana shunday maskanga yiliga millionlab sayyohlar tashrif buyuradi. Konigil ham undan kam emas.
Qadimgi Siyob arig‘i bo‘yidagi so‘qmoq bo‘ylab ketarkansiz, ikki tomoningizda mo‘’jaz kulbalar, ustaxonalar va choyxonalarni ko‘rasiz. Aytishlaricha, bu yerda faqat qog‘oz ustaxonasi bo‘lgan vaqtda yiliga 15-20 ming sayyoh kelgan ekan. Samarqand viloyat hokimligi ushbu oqimni bir necha barobar ko‘tarish uchun ham Konigilni qayta tikladi.
Hali bu hammasi emas. Yaqin kelajakda Siyob bo‘yidagi turizm qishloqchasini Samarqand Siti bilan bog‘laydigan xiyobon barpo etilishi rejalashtirilgan. Buning natijasi endi hokimlikning kelasi yilgi murojaatida aks etishi lozim...
Ma’lumot uchun: Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilk marotaba hokimlar keng jamoatchilikka 2020 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va 2021 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan murojaatnoma bilan chiqishlar qilmoqda. Xabar.uz axborot tahliliy portali ushbu murojaatlarda ko‘rsatilgan ishlar ko‘lamini o‘rganishda davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter