O‘zbekistonda neft qanday qazib chiqarila boshlangan? Yuz yillik suratlar
Zamonaviy dunyoni neftsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yurgan yo‘limizdan tortib uyimizda yonib turgan chiroqqacha yoqilg‘i talab qiladi. O‘zbekistonda neft qanday qazib chiqarila boshlanganini bilasizmi? «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan tashkil etilgan media-tur davomida Markaziy Osiyodagi ilk neft konida bo‘ldik. Bunga qadar na Qozog‘iston va na Turkmanistonda neft olinar edi.
Aslida ko‘p ixtirolarning avvali tasodifga borib taqaladi. Farg‘ona vodiysi zamini esa asrlar davomida neftga boy bo‘lgan. Ayniqsa Eski Chimyon yerlari. Aytishlaricha neft bosimi shu qadar yuqori bo‘lganki, qatlamlardan yer yuziga sizib chiqqan. Neft konlarining ochilishi ham shunga borib taqaladi.
O‘zbekiston hududida neft va gaz qidirish ishlari 120 yillik tarixga ega. 1885 yilda kon qidirish ishlari boshlab yuboriladi. Ilk neft koni ochilishi uchun esa salkam 20 yil vaqt kerak bo‘ldi.
1890 yillarda Poloson qishlog‘i etagidagi to‘qay va changalzorlar bag‘ri tilinib, temir yo‘l qurilishi boshlanadi. Shundan buyon bu yerlardan yo‘lovchi va yuk poyezdlari o‘ta boshlaydi.
1898 yilning yozida Vannovskiy bekatida poyezd bir muddat to‘xtab qoladi. Aynan shu poyezdda muhandis K. Kovalevskiy qaysidir yumushlari bilan Andijonga kelayotgan edi. Kovalevskiy poyezddan tushib, bekatni aylana boshlaydi. Shu vaqt uning ko‘zi Qo‘qon aravalaridan birining gupchagiga tushdi. Gupchak qoramoyga belangan edi. Kovalevskiy qo‘li bilan qoramoyni ushlab ko‘radiyu, yuragi hapriqib ketadi. Bu — neft edi!
O‘sha yildan e’tiboran muhandis Kovalevskiy boshchiligida kon qidirish ishlari boshlanib ketadi. 1901 yilda birinchi quduqda burg‘ulash ishlari boshlanadi. Albatta hammasi oson kechmagan. Avvalo tok ishlab chiqaradigan bug‘ dvigateli zarur edi. Temir yo‘l esa Oltiariqqacha kelgan. Eski Chimyonga qadar qolgan masofa esa qir adirlar aro o‘tgan yo‘lda o‘tdi. Dvigatel traktor va yuk avtomobilida olib kelindi. Ushbu tarixiy suratlar ilk bora internetda chop etilmoqda.
Markaziy Osiyodagi ilk neft qudug‘i 1904 yilda ochildi. Natija kutilganidan ham yaxshi bo‘ldi — quduqdan kuniga 150 tonna neft olinardi. Avvaliga kondan olingan neft faqat aravalar gupchagini moylash va tandir-o‘choq uchun ishlatildi. 1906 yilda Oltiariqda ilk neftni qayta ishlovchi zavod ishga tushirildi. Endi Eski Chimyon neftidan kerosin va boshqa mahsulotlar ham olina boshlandi.
1907 yilda neft zavodi aka-uka Nobellar tomonidan sotib olinadi va rekonstruksiya ishlari boshlab yuboriladi. E’tiborli tomoni, Chimyondagi neft konlaridan zavodga qadar to‘rt dyuymli quvurlar tortila boshlangan. Bunga qadar esa neft ot-aravalarda tashilgan.
Bugungi kunda Markaziy Osiyodagi ilk neft qudug‘i o‘rnida muzey tashkil etilgan. Eski Chimyonda esa hozirga qadar neft olinadi. Muzeyning yonginasida to‘rtta neft qudug‘i ishlab turibdi.
«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan tashkil etilgan media-tur davom etmoqda. Tafsilotlar «Xabar.uz»da berib boriladi.
PS.: Tarixiy suratlar mahalliy aholi tomonidan Xabar.uz uchun taqdim etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter