O‘zbekistonda majburiy mehnat ko‘proq qaysi sohalarda uchrayotgani aytildi
Majburiy mehnatga jalb qilish ko‘proq hokimliklar, vazirlik va idoralarning quyi tuzilmalari rahbarlari tomonidan amalga oshirilayotgani kuzatilgan.
Joriy yilda O‘zbekistonda majburiy mehnat ko‘proq qaysi sohalarda uchrayotgani aytildi.
Bugun, 18-avgust kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida 2021-yilning 1-yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar, ko‘rilgan choralar hamda ushbu yo‘nalishlarda hali o‘z yechimini kutayotgan masalalar muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, ayrim mahalliy ijro hokimiyati organlari, vazirlik va idoralarning quyi tuzilmalari rahbarlari tomonidan majburiy mehnatga jalb qilish holatlari hali hamon kuzatilayotgani tanqid qilindi.
O‘tgan davr mobaynida Mehnat inspeksiyasi tomonidan joylarda xodimlarni o‘z funksional vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb etish bo‘yicha 41 ta holat aniqlangan.
Sohalar kesimida eng ko‘p majburiy mehnat holatlari xalq ta’limi, bank-moliya, tibbiyot, transport va obodonlashtirish tarmoqlarida uchramoqda.
Shuningdek, yig‘ilishda joriy yilgi paxta yig‘im-terim mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, mehnat munosabatlarini to‘g‘ri rasmiylashtirish, terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar ham muhokama qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter