O‘zbekistonda ichki sayyohlar soni 15 millionga yetdi

Turizm sohasiga kiritilayotgan investitsiyalar hajmi hamda ichki turizmga bo‘lgan e’tibor ortmoqda.
2017 yildan boshlab O‘zbekiston turizm sohasi boshqa sohalar qatori jadal rivojlantirilib, davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Qisqa vaqt ichida misli ko‘rilmagan normativ-huquqiy hujjatlar to‘plami, jumladan, Turizm to‘g‘risidagi qonun qabul qilinib, mazkur sohani bosqichma-bosqich isloh qilish uchun mustahkam huquqiy asos yaratildi.
Mamlakatimiz turizm sohasini rivojlantirishdagi asosiy instrumentlardan biri bu – mazkur sohaga kiritilayotgan investitsiyalardir.
Jumladan, 2021 yilda turizm sohasidagi investitsiya loyihalari doirasida umumiy qiymati 11,4 trln so‘m bo‘lgan mablag‘lar o‘zlashtirilib, 495 ta loyiha amalga oshirildi. Davlat investitsiya dasturi doirasida mahalliy hokimliklar bilan birgalikda umumiy qiymati 1,2 mlrd AQSh dollari bo‘lgan 62 ta loyihada, 562,7 mln. doll. investitsiya o‘zlashtirilib, 31 ta loyiha ishga tushirildi.
2022 yilda turizm sohasida jami qiymati 22,1 trln. so‘mlik 735 ta loyihalar ishga tushirilib, tarmoqda qo‘shimcha 23 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya jalb qilish hamda raqobatbardosh xizmatlarni yo‘lga qo‘yishga bergan e’tibor natijasida turizm bozorimizga Radisson, Wyndham, Hilton, Hyatt Regency, Ramada, Mövenpick, Mercure, Courtyard by Marriott, Minyoun, InterContinental Hotels Group va Accor kabi yetakchi mehmonxona brendlari kirib kelmoqda. Ular nafaqat Toshkent, balki, Jizzax, Buxoro, Samarqand va Xiva shaharlarida bozor talabi asosida o‘z faoliyatlarini tashkil qilmoqda.
Ilk marotaba Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi doirasida O‘zbekistonda Global investitsiya forumi tashkil etilmoqda.
Forumda 100 dan ortiq xorijiy davlatdan 634 nafar vakil, shu jumladan, 120 dan ortiq yirik xorijiy investorlar hamda 600 ta yirik mahalliy kompaniyalar ishtirok etmoqda. Forum doirasida umumiy qiymati 3 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar investorlarga taqdim etilmoqda.
Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlari Rahbarlari Kengashining Sammiti doirasida Samarqand shahrida 260 gektar maydonda yangi turistik markaz barpo etilib, jaxon standartlari darajasidagi 8 ta (4 va 5 yulduzli) mehmonxonalar ishga tushirildi. Mazkur loyihaga 516,0 mln. dollar qiymatida investitsiya yo‘naltirildi.
Albatta sohaga kiritilayotgan investitsiyalar avvalambor turizm infratuzilmasini rivojlantirish va mamlakatimiz turizm jozibadorligini oshirishga qaratilgan.
Xorijiy turistlar oqimini oshirish bilan birgalikda so‘nggi yillarda ichki turizmga bo‘lgan e’tibor ham kuchayib bormoqda.
Jumladan ushbu maqsadlarda «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi joriy qilinib, uning doirasida:
– jamoa shartnomalariga ish beruvchilar tomonidan xodimlar uchun yiliga bir marotaba mahalliy sayohatga chiqish imkonini yaratish qoidalari kiritildi;
– sayohat xarajatlarining bir qismi ish beruvchilarning budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplab berilmoqda.
2022 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari uchun «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida respublika hududlari bo‘ylab ichki sayohatlarni amalga oshirish xarajatlarining bir qismini qaytarish (cashback) tartibi joriy etildi.
«Yoshlar turizmi oyligi» va «Yoshlar turizmi haftaligi», «Yoshlar turizmi» qurultoyi kabi o‘quvchi, talaba va yoshlarning sayohatga jalb etuvchi tag‘ibot kampaniyalari amalga oshrilmoqda.
Buning natijasida ichki sayyohlar soni 15 million nafarni tashkil qilib, o‘tgan yilga qaraganda 2 barobarga o‘sdi.
Turizm sanoati ishlab chiqaradigan mahsulot bu – turizm tovar va xizmatlar majmuidan iborat bo‘lib, tovarlarning ancha katta va rang-barang kompleksini o‘z ichiga oladi. Bu mahsulotlardan kishilar sayohat qilishda, shuningdek turizm doirasida dam olish, hordiq chiqarish, davolanish, o‘z bilim va kasbiy darajasini oshirishda foydalanishlari mumkin. Shu jihatdan O‘zbekistonda mazkur tarmoqqa e’tiborni kuchaytirish muhim masalalardan biridir.
Shuni inobatga olgan holda, sohani rivojlantirishda investitsiya omili muhim rol o‘ynaydi. Turizm sohasiga kiritilayotgan investitsiyalar orqali nafaqat xorijiy turistlar oqimini oshirish, balki ichki turizmni rivojlantirishga ham erishilmoqda.
Umuman olganda, bularning barchasi O‘zbekistonda turizm sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish, qulay iqtisodiy sharoit va omillarni yaratish, uning iqtisodiyotdagi o‘rni va ulushini kengaytirish, xizmatlar sifatini yuksaltirish hamda turizm infratuzilmasini takomillashtirishga qaratilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter