Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda 2021-yildan majburiy tibbiy sug‘urta bosqichma-bosqich joriy etiladi

O‘zbekistonda 2021-yildan majburiy tibbiy sug‘urta  bosqichma-bosqich joriy etiladi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Toshkentda Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan mamlakatimizda sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishni isloh qilish mavzusida oliy darajadagi siyosiy muloqotlar bo‘lib o‘tmoqda. Bu to‘g‘risida Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi. 

Unga moliyaviy islohotlar va majburiy tibbiy sug‘urtalashni joriy etish uchun mas’ul bo‘lgan vazirlik va idora vakillari, shuningdek, JSST Yevropa mintaqaviy byurosi, Rossiya, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Ispaniya, Latviya, Koreya Respublikasi kabi yetakchi mamlakatlar mutaxassis va ekspertlari, xalqaro moliya tuzilma vakillari taklif etildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Muloqot davomida ushbu Konsepsiyadan kelib chiqqan holda sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishni isloh qilishning asosiy ko‘rinishlaridan biri davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam hajmini belgilash, tibbiy xizmatlar uchun klinik-xarajat guruhlari bo‘yicha har bir davolangan holat uchun to‘lash tizimi hamda kishi boshiga moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini tatbiq qilish ishlari boshlab yuborilgani aytib o‘tildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Shuningdek, yurtimizda majburiy tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida joriy yildan tizimning huquqiy asoslari ishlab chiqilmoqda. Mamlakatimizda ushbu jarayon 2021-yildan joriy etish boshlanadi va birinchi navbatda, yirik tashkilotlarda majburiy sug‘urta ta’minlanadi. Muloqotda ushbu jarayonda, avvalo, majburiy tibbiy sug‘urta jamg‘armasini tashkil etish ekani ta’kidlandi. Sog‘liqni saqlash xizmatlari uchun barcha resurslar (daromad manbalaridan qat’iy nazar)ni taqsimlashda tenglik va samaradorlik maksimal darajada hisobga olinadi.

Bo‘lib o‘tgan muloqotlarda sohani moliyalashtirishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar, majburiy tibbiy sug‘urta hamda elektron sog‘liqni saqlashni joriy etish kabi masalalar yana bir bor atroflicha muhokama etildi. O‘tgan davr mobaynida jahon tajribasi va xalqaro ekspertlar takliflari asosida ishlab chiqilgan sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish xamda majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etishga qaratilgan strategiyamizga yuqori baho berildi.

Qizg‘in kechgan muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvaxitov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A. Abduhakimov, JSSTning iqtisodiy masalalar bo‘yicha yetakchi eksperti M. Yakab, JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari L.Kuppens, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri A. Shadmanov ishtirok etishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring