O‘zbekiston va Tojikiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha hamkorlik qiladi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va Tojikiston iste’molchilar ittifoqi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda «Xabar.uz»ga federatsiyaning matbuot xizmati xabar berdi
Bu kelishuvni imzolash uchun O‘zbekiston iste’molchilar huquqini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi rahbarlari va xodimlari tarkibidagi delegatsiya yaqinda Surxondaryo viloyatida qo‘shni davlatga o‘tish uchun ochilgan chegara orqali Tojikiston Respublikasiga tashrif buyurdi.
Uchrashuv doirasida tomonlar ish tajribalari va uslublari bilan o‘rtoqlashishdi, boshqa dolzarb masalalarni ko‘tarishdi, shuningdek ikki faoliyati bir-biriga yaqin tashkilot o‘z ishlari taqdimotini o‘tkazishdi.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov iste’molchilar huquqini himoya qilish masalasining muhimligiga to‘xtalib, chet davlatlardagi hamkasblar bilan hamkorlik bu yo‘nalishdagi ishlar imkoniyatlarining kengayishiga, amaliyotga faoliyatning innovatsion usullarini tadbiq qilishga xizmat qilishini ta’kidladi. Shuningdek bugungi kunda federatsiya tomonidan turli davlatlarning o‘nlab shunga o‘xshash tashkilotlari bilan keng sheriklik aloqalari o‘rnatilganligi haqida ma’lumot berildi. Yaqin hamkorlik natijasida turli xil loyihalar ishlab chiqilgan va amalga oshirilmoqda, amaliy uslubiy faoliyat takomillashmoqda, doimiy tajriba almashuv va xodimlarning malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Uchrashuv davomida so‘zga chiqqan Tojikiston iste’molchilar ittifoqi ijrochi direktori Ilxom Obidov o‘zbekistonlik hamkorlarni tojik yerida kutib olishdan baxtiyor ekanini ta’kidladi, istemolchilar huquqini himoya qilish masalasidagi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligini aytib o‘tdi.
Tomonlar oldindan hamkor tashkilotlar faoliyatiga doir huquqiy-me’yoriy hujjatlarni chuqur o‘rganib chiqishdi. Mutaxassislar yuzaga kelgan savollarga javoblarni uchrashuv davomida olishdi. Uchrashuvda O‘zbekiston iste’molchilar huquqini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va Tojikiston iste’molchilar ittifoqi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat kelgusidagi xamkorlikning rivojlanishi, birgalikdagi loyihalar ishlab chiqilishi, simpoziumlar va ilmiy anjumanlar tashkil qilinishi, ikki davlat mutaxassislari malakasini oshirish maqsadidagi ekspertlar almashinuvini ko‘zda tutadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter