O‘zbekiston va Tojikiston harbiylari «janubiy sarhadlarga suqilib kirgan terrorchilar»ga qarshi mashg‘ulot o‘tkazadi
Beshariq tumanida «Markaz – 2019» xalqaro o‘quv-mashg‘ulotida qatnashish uchun yurtimizga tashrif buyurgan tojikistonlik harbiylarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.
Shundan keyin tojikistonlik harbiy xizmatchilar Namangan viloyatida joylashgan «G‘urumsaroy» dala-o‘quv maydoniga yetib kelishdi va mashg‘ulotlarga tayyorgarlikni boshlab yuborishdi.
Kunning ikkinchi yarmida o‘zbekistonlik va tojikistonlik harbiylar ishtirokida brifing tashkillashtirilib, Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari «Markaz – 2019» o‘quv-mashg‘ulotlarining tartibi hamda undan ko‘zlangan maqsadni mehmonlarga yetkazdi.
Bugun, 17-sentyabr kuni «G‘urumsaroy» dala-o‘quv maydonida O‘zbekiston va Tojikiston harbiylari ishtirokidagi strategik qo‘mondonlik shtab mashg‘ulotlari doirasidan o‘rin olgan «Markaz – 2019» o‘quviga start berildi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Pavel Ergashev ushbu o‘quv mashg‘ulotlari davlatlarimiz o‘rtasidagi harbiy munosabatlarning mustahkamlanishiga hamda jangavor tayyorgarlikni oshirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidlab, o‘quv-mashg‘ulotlarida ishtirok etayotgan o‘zbek va tojik harbiylariga muvaffaqiyat tiladi.
Tojikiston Respublikasi Quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari general-mayor Ixtiyor Oxunzoda Ne’matullo ham «G‘urumsaroy» poligonida tashkillashtirilayotgan «Markaz – 2019» o‘quv-mashg‘ulotlarining O‘zbekiston va Tojikiston harbiylarining hamkorligida tashlangan navbatdagi qadam bo‘lishini aytib, tadbir tashkilotchilariga do‘stona kutib olish tadbirlari uchun o‘z minnatdorchiligi bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, «Markaz – 2019» o‘quv mashg‘uloti doirasida Rossiyada bo‘lib o‘tadigan amaliy harakatlar bilan bir vaqtda Namangan viloyatida joylashgan «G‘urumsaroy» poligonida O‘zbekiston va Tojikiston harbiy bo‘linmalari tomonidan shartli ravishda janubiy sarhadlarga suqilib kirgan terrorchi guruhlarga qarshi hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlari ham o‘tkaziladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter