O‘zbekiston tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Rossiyaning yettita hududida o‘z vakolatxonasini ochadi
O‘zbekiston tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Rossiyaning yettita hududida o‘z vakolatxonacini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Sputnik» muxbiri tashkilotdagi manbasiga tayanib xabar tarqatdi.
«Birinchi vakolatxona joriy yilda Moskvada ochilca kerak. Hozircha aniq sanasi ma’lum emas. Keyinchalik bunday tuzilmalar Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Rostov va boshqa shaharlarda ochiladi», — degan agentlik vakili muxbirga.
Uning so‘zlariga qaraganda, o‘tgan yili Samarqandda Rossiyada ishlashni xohlovchi fuqarolarni o‘qitish va moslashtirish markazi tashkil etilgandi, bu yil shunday markaz Farg‘onada ham ochiladi.
Bugungi kunda, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiyada 1 milliondan 3,5 milliongacha o‘zbekistonlik mehnat migrantlari bor. Ularning aksariyati O‘zbekistondan uyushmagan holda keladi, ya’ni ikki mamlakat maxsus davlat organlari tomonidan tashkil etilgan qonuniy yo‘llardan foydalanmaydi.
O‘zbekiston tomonining ma’lumot berishicha, o‘tgan yili Rossiyaga rasman 922 nafar o‘zbekistonlik jo‘natilgan, holbuki Rossiya ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra 2017-yilning yanvar — sentyabr oylari davomida 3,1 million nafardan ziyod o‘zbekistonlik migratsiya hisobiga qo‘yilgan.
Uzoq yillar bu borada ikki mamlakat o‘rtasida kelishuvning mavjud bo‘lmagani masalani yanada chigillashtirayotgandi.
Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil aprel oyida Rossiyaga tashrifi davomida bu masalada prinsipial kelishuvga erishilgan va Rossiya hududida vaqtincha ishlash uchun O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy asosda tanlab olish va jalb etish to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolangandi.
O‘tgan yil dekabr oyi oxirlarida hujjat kuchga kirdi. U o‘zbekistonliklarni ish bilan ta’minlash va bungacha maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazishni ko‘zda tutadi.
Joriy yilda O‘zbekiston 50 mingdan ortiq mehnat migrantini Rossiyaga tashkiliy asosda yo‘llashi rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter