Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Haqiqat va uydirma: Qizil kitobga kiritilgan ko‘k sug‘urlar o‘pka saratoniga davomi?

Haqiqat va uydirma: Qizil kitobga kiritilgan ko‘k sug‘urlar o‘pka saratoniga davomi?

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti kamyob hayvonlar hisobini yuritish va kadastri laboratoriyasi xodimi Shahzod Dehqonov o‘zining Facebook-sahifasida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan ko‘k sug‘urlarning qirilib ketayotgani haqidagi videomurojaatni joylashtirdi.

Ko‘k sug‘urlar — yo‘qolib borayotgan, lokal tarqalgan g‘arbiy Tyan-Shan endemik kenja turi. TMXI Qizil ro‘yxatiga kiritilgan.

Foto: O‘zbekiston Qizil kitobi

«O‘tloqlardan chorvachilikda haddan ziyod foydalanish, brakonerlik, cho‘pon itlari va tabiiy kushandalar (bo‘ri, tulki, burgut, ilvirs) tomonidan ta’qib qilinishi, kasalliklar sababli ushbu tur kundan-kun kamayib boryapti», — degan Shahzod Dehqonov.

Shahzod Dehqonov olgan suratlar
Shahzod Dehqonov olgan suratlar
Shahzod Dehqonov olgan suratlar
Shahzod Dehqonov olgan suratlar

Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘k sug‘urlarni O‘zbekistonda ko‘paytirish muvaffaqiyatsiz tugallangan.

Videomurojaat Angren platasi, Namangan viloyati Pop tumaniga tegishli bo‘lgan hududda tasvirga olingan. 2022-yil 8-avgust kuni mahalliy cho‘ponlar murojaat tasvirga olingan hududda mototsiklda ikkita brakoner yurganligini aytishgan. «Biz ham o‘q ovozini eshitdik kecha tushdan so‘ng, ammo biz brakonerlarga qarshi kurasha olmasdik, chunki ularda qurol bor. Har qanday holat bo‘lishi mumkin. O‘rganishlarimiz davomida o‘q ovozi eshitilgan joydan teri topib oldik, bu albatta ko‘k sug‘ur terisi edi. Teri toza, go‘shti va yog‘ini ajratib olishgan. Cho‘ponlar bu yerlarga Pop tumanining Chodak qishlog‘ida yashovchi yigitlar brakoner sifatida tez-tez kelishlarini va bu holat tez-tez takrorlanib turshini aytishdi», — deydi Dehqonov.

Ko‘k sug‘urlarni ovlash taqiqlangan. Chotqol qo‘riqxonasi va Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida muhofaza ostiga olingan. Angren yassi tekisligida muhofazasini tashkil etish va Oqbuloq daryosining chap qirg‘og‘i havzasini qo‘shishi orqali Chotqol qo‘riqxonasini kengaytirish muhofaza choralarni ko‘rilgan.

Cho‘ponlar odamlar qandaydir tabibning «Ko‘k sug‘urlar o‘pka saratoniga shifo» deb aytgan so‘zidan keyin hech bir asoslarsiz ularni iste’mol qilishayotganliklarini bildirishgan.

«O‘pka saratoni dunyo bo‘yicha eng ko‘p tarqalgan xavfli o‘sma kasalligidir. Bu kasallik, ayniqsa, sanoati rivojlangan davlatlarda ko‘p uchrashi aniqlangan. Har yili 1 000 000 dan ortiq odam o‘pka saratoni bilan kasallanadi va yana shuncha odam ushbu kasallikdan vafot etmoqda. Boshqa saraton turlari kabi o‘pka saratoni bilan kasallanish yildan-yilga oshib bormoqda.

Ushbu kasallik erta, ya’ni 1 va 2-bosqichlarida aniqlanib, onkologik muassasada malakali onkolog tomonidan davolansa, to‘la tuzalib ketish mumkin. 3 va ayniqsa 4-bosqichlarda bu kasallikni to‘la davolash juda mushkul masala va aksariyat hollarda davolash faqatgina inson hayot sifatini yaxshilash va umrini uzaytirishga qaratilgan bo‘ladi. Ming afsuski, 70-80 foiz holatlarda o‘pka saratoni kechki bosqichlarda, ya’ni jarrohlik amaliyoti qo‘llab bo‘lmaydigan bosqichlarda aniqlanadi», — dedi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor-onkolog Olim Imomov.

Kasallikning o‘tkazib yuborilishga sabablardan biri bu — tabiblarda davolanishdir. Tibbiy bilimga ega bo‘lmay, dunyo tajribasida umuman ishlatish taqiqlangan usullar yordamida bemorlarni davolab, ushbu tabiblar ko‘p insonlar umriga zomin bo‘lishmoqda. Eng achinarlisi esa, turli uydirma, yolg‘on ma’lumotlarga asoslanib, tibbiyotda isbotini topmagan vositalarni qabul qilib, kasallikni o‘tkazib yuborish bilan birga, organizm zaharlanishiga sabab bo‘lishmoqda. Bunday vositalar sarasiga eng zaharli bo‘lgan aviatsiya kerosini, hayvonlarning peshobi, hayvonlar uchun chiqarilgan «ASD» dorisi, iste’molga yaroqsiz va Islomda harom qilingan turli hayvonlarning go‘shtlari, sutlari, peshoblari, turli a’zolarini keltirishimiz mumkin.

Bu hayvonlar sirasiga qurbaqa, toshbaqa, eshak, ilon, echkiemar, tipratikan, chayon, kaltakesak, shu jumladan, mana yaqinda paydo bo‘ldi, ko‘k sug‘urni misol keltirish mumkin. Inson aqliga sig‘maydigan bu ishlar hech bir chet el tajribasida yo‘q. Butun dunyo saraton bilan kurashda tibbiyotga suyanadi. Shu sababli, onkolog sifatida ko‘k sug‘ur yordamida o‘pka saratonini davolash umuman foydasiz bo‘libgina qolmay, inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazishiga va hattoki saratonning kechki bosqichlarga o‘tib ketishiga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantiramiz, dedi mutaxassis.

Sug‘urlar mart-avgust oralig‘ida faol, inlarida oila bo‘lib hayot kechiradi, koloniyalar hosil qiladi. Mart-aprelda juftlashadi, may oyida bolalaydi (2–4), bolalari iyun-iyulda inlaridan chiqadi, ikki qishlovdan so‘ng jinsiy voyaga yetadi. O‘t-o‘lanlar, ko‘pincha boshoqli o‘simliklar, ba’zan chuvalchang, mollyuska, hasharotlar bilan oziqlanadi. Hozirda bolalari inlaridan chiqadigan vaqt. Brakonerlik qilayotganlar sug‘urlarning inlariga qopqon qo‘yib, ularni o‘ldirib, yo‘qolib ketishiga «hissa» qo‘shishyapti.

Ekolog.uz Shahzod Dehqonovning Facebookdagi sahifasiga qo‘yilgan videomurojaat ostidagi izohlarni keltirdi. «Sug‘ur go‘shtini yegan odam uyida o‘lat yoki vabo bilan kasallanib, oilaviy o‘lib ketishi mumkin. Kemiruvchilar vabo kasalligining asosiy rezervuarlaridan biriligini shunda bilishadi», — deb izoh qoldirgan ekolog Shohro‘z Nazarov.

«2013-yilda Qirg‘izistonda bo‘lgan edi shunaqa holat. Cho‘pon bola sug‘ur shashlik yeyman deb, vabo yuqtirib olgandi. Katta shov-shuv bo‘lgandi ushbu voqea», — deb yozgan ekolog Fazlullo Agzamov.

«O‘zbekistonda ovga moratoriy joriy qilishning vaqti keldi. Bu masalani biz bir necha marotaba ko‘targan edik. Ammo Qo‘mita bu borada negadir jim. Hayvonlarning qirib tashlanishi biozanjirning uzilishiga olib keladi.

Ovchilarimizning bu borada qarshilik ko‘rsatishlari tabiiy hol. Ammo bugungi kunda O‘zbekistondagi rasmiy ravishda ro‘yxatdan o‘tgan 50 ming nafardan ko‘proq ovchi bittadan hayvonni otadi, deb kim kafolat bera oladi? Brakonerlarni hali bu ro‘yxatga qo‘shganimiz yo‘q.

Agar o‘z vaqtida tegishli choralar ko‘rilmasa, nafaqat sug‘urlar, balki boshqa hayvonot dunyosi ham qirilib ketadi. Farzandlarimiz esa ularning suratlarini faqat kitoblarda ko‘rishadi, xolos», deb yozgan Ekolog.uz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring