Buni bilarmidingiz? O‘zbekiston qaysi davlatlarga insonparvarlik yordami ko‘rsatgan?
Televideniye, matbuot va internet nashrlari orqali favqulodda holatlar yuz bergani haqida ko‘p bora eshitganmiz, kuzatganmiz, o‘qiganmiz. Bunday holatlarda har bir davlat talafot ko‘rgan davlatga yordam qo‘lini cho‘zmoqqa, insonparvarlik ko‘magini berishga oshiqadi. Ular qatorida O‘zbekiston ham bor. Kamtarlik qon-qonimizga singib ketganidanmi, bu haqda keng jamoatchilikni xabardor qilishga hecham oshiqmaydigan bir tashkilot mavjud bo‘lib, bu Favqulodda vaziyatlar vazirligidir. Muxbirimiz Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutasaddilari bilan mamlakatimiz tomonidan amalga oshirilgan insonparvarlik yordamlari to‘g‘risida suhbatlashdi. Xo‘sh, o‘tgan yillar davomida dunyo mamlakatlariga qanday yordam qo‘lini cho‘zdik?
Tabiiy ofat va turli favqulodda vaziyatlardan jabrlangan (yoki boshqa hollarda) davlatlarga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘sha davlatga insonparvarlik yordami ko‘rsatish haqidagi alohida qabul qilinadigan qaror va farmonlariga asosan tashkil etiladi. Insonparvarlik yordamlari asosan davlat budjetidan moliyalashtiriladi. Homiylik mablag‘lari hisobidan ham moliyalashtirish mumkin.
Sakariya shahridagi zilziladan keyin…
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining 24 nafar qutqaruvchisi 1999-yil 23-avgust kunidan ikki hafta davomida Turkiyaning (Istanbul shahridan 150 km.) Sakariya shahrida avariya-qutqaruv ishlari va insonparvarlik yordami ko‘rsatishdi.
Zilzila oqibatida Sakariya shahrining 330 km2 maydonida joylashgan 80 foiz uylar vayron bo‘lgan. Qutqaruv tadbirlarini bajarish mobaynida 210 ta vayron bo‘lgan binolarning buzilishiga ruxsat beruvchi maxsus belgilar o‘rnatib chiqilgan, vayronalar ostida qolib ketgan 8 nafar insonning murdasi olib chiqilgan. 150 nafar odamning shaxsiy hujjatlari va qimmatbaho buyumlari vayronalar orasidan olib chiqib berilgan. 530 nafar insonga tibbiy yordam ko‘rsatilgan, shuningdek, bir qator murakkab jarrohlik ishlari amalga oshirilgan. Qutqaruvchilar jabrlangan aholi uchun chodirli shaharchalarni yaratib, favqulodda vaziyatlarda harakat qilish qoidalari o‘rgatilgan.
Ukrainadagi suv toshqinida…
2001 yil mart oyining boshlarida suv toshqini natijasida Ukrainaning g‘arbi suv ostida qolib ketgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 15-martdagi 135-f-son farmoyishiga asosan Ukraina xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatildi. Jumladan, 29 020 550 ming so‘mlik 28 476 kilogramm insonparvarlik yordam yuki olib borilgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligidan 9 095 798 ming so‘mlik 1550 kilogramm insonparvarlik yordami olib borilgan (50 dona krovat, 100 dona rezina etik).
Tarixiy obidalar vayron bo‘lganda…
2003-yil 26-dekabr kuni Eron Islom Respublikasining Bam provinsiyasida 6.3 balli zilzila oqibatida 35 ming inson halok bo‘lgan va 22 ming kishi jarohatlangan, 90 foiz tarixiy obidalar vayron bo‘lgan.
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 26-dekabrdagi 785-f-son farmoyishiga asosan Eron Islom Respublikasiga 2003 yil 30 dekabr kuni 13 000 kilogramm insonparvarlik yordami ko‘satildi.
Pokistondagi zilzilada...
2005-yil 8-oktabr kuni soat 8:50 da Pokistonning janubida 8 balli zilzila sodir bo‘lishi natijasida 2.5-2.7 million kishi jabrlangan. Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 11-oktabrdagi 460-f-son farmoyishiga asosan, Pokiston xalqiga insonparvarlik yordami ko‘satildi. Jumladan, 48 997 916 ming so‘mlik, 40 597 kilogramm yordam yuki olib borilgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligidan 17 049 957 ming so‘mlik, 17 820 kilogramm insonparvarlik yordami olib borilgan (150 to‘plam — lager chodirlari, USB-56 rusumli — 21 to‘plam — chodir, UST-56 rusumli — 20 to‘plam — chodir, 200 dona to‘shak).
Shimoliy Osetiyaga ko‘mak
2008-yil 18-avgustdagi PQ-945-son qarorga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan 250 000 AQSh dollari qiymatga ega bo‘lgan 280 780 kilogramm insonparvarlik yuklari Shimoliy Osetiyaga yetkazilgan.
Qirg‘iziston uchun...
2008-yil 8-oktabrdagi PQ-976-son qarorga asosan, 201 000 AQSh dollari qiymatga ega bo‘lgan 393 225 kg. insonparvarlik yuklari Qirg‘iziston Respublikasi aholisiga yetkazilgan.
Insonparvarlik yuklari Tojikistonga...
2009-yil 22-maydagi 976-f-son farmoyishga asosan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan 20 ta vagonda 1 229 000 kg. insonparvarlik yuklari Tojikiston Respublikasi aholisiga yetkazilgan.
Qirg‘iziston Respublikasi aholisiga...
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 23-apreldagi 264-f-son farmoyishiga asosan 74287.87 AQSh dollari qiymatga ega bo‘lgan 400 000 kg. (11 vagonda) insonparvarlik yuklari Qirg‘iziston Respublikasi aholisiga yetkazilgan.
Pokiston Islom Respublikasiga...
2010-yil 20-avgustdagi 549-f-son farmoyishiga asosan 155 239.9 AQSh dollari qiymatga ega bo‘lgan 37 219 kg. insonparvarlik yuklari Pokiston Islom Respublikasi aholisiga yetkazilgan.
Insonparvarlik yuklari Yaponiyada
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 22-martdagi 144-f-son farmoyishiga asosan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan 168 240 AQSh dollari qiymatga ega bo‘lgan 10 800 kg. (200 to‘plam chodir va 2000 dona ko‘rpa) insonparvarlik yuklari Yaponiya aholisiga yetkazilgan.
Birlamchi zarur mahsulotlar Tojikiston Respublikasiga...
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-martdagi 211-f-son farmoyishiga asosan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan 269,7 mln. so‘m qiymatga ega bo‘lgan 60 tonnadan ortiq insonparvarlik yuklari (qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar, issiq kiyim-kechaklar va boshqa birlamchi zarur mahsulotlar) Tojikiston Respublikasi aholisiga yetkazilgan.
Ma’lumot uchun: amalga oshirilgan ishlarning muvaffaqiyati u yerga olib borilgan 3 ta maxsus avariya-qutqaruv mashinalari, avtonom elektr stansiyasi, qirqadigan va ko‘taradigan qutqaruv asboblari, tibbiyot uskunalari va dori-darmonlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qizil yarim oy jamiyati tomonidan olib borilgan insonparvarlik yordamlaridir.
Ilova: davlat tomonidan tashkillashtiriladigan insonparvarlik yordamlariga fuqarolar ham albatta hissa qo‘shsa bo‘ladi. Homiylik qilishni istaydiganlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va Favqulodda vaziyatlar vazirligiga murojaat qilishlari mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter