Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentlikka sobiq nomzod Abdulhafiz Jalolov olamdan o‘tdi

Prezidentlikka sobiq nomzod Abdulhafiz Jalolov olamdan o‘tdi

Foto: Jalolovlar oilasi arxivi

O‘zbekiston Prezidentligiga sobiq nomzod Abdulhafiz Jalolov 72 yoshida vafot etdi. Bu haqda «Daryo» xabar berdi. 

Abdulhafiz Jalolov 1947-yilda Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida, Birlashgan qishlog‘ida tug‘ilgandi. 1969-yili Toshkent davlat universitetini tamomlagan. 1976-yilda falsafa fani bo‘yicha nomzodlik, 1992-yili doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan.

Falsafa va siyosatshunoslik bo‘yicha 450 dan ortiq ish, jumladan, «Inson omili: falsafa, mafkura, siyosat», «O‘zbekiston: mustaqillik, man’naviyat, mafkura», «Mustaqillik mas’uliyati», «Istiqbol ufqlari» kabi monografiyalar mualifi bo‘lgan. Ilmiy ishlari AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va boshqa davlatlarda chop etilgan.

1971-yildan e’tiboran ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullangan.ToshDU falsafa kafedrasi o‘qituvchiligidan Falsafa va huquq instituti direktorligigacha (1993-yildan) bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. 1994-yilda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi birinchi kotibi etib saylangan.

2000-yil yanvarida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Islom Karimovga yagona muqobil raqib bo‘lgan. Jalolov mazkur saylov payti amaldagi davlat rahbari uchun ovoz berganini bildirgan.

2001-yilda Falsafa va huquq instituti direktorligi, 2003-yilda XDP Markaziy kengashi birinchi kotibligidan ozod etiladi. Shundan so‘ng Yuristlar malakasini oshirish markazi hamda Oliy pedagogika instituti professori lavozimlarida ishlaydi.

Abdulhafiz Jalolov 2019-yil 29-iyul kuni Namanganda dafn etildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring