Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi

O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ijtimoiy falsafa va sotsiologiya sohasidagi taniqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Sattor Tursunmuhamedov shu yil 21-iyul kuni 91 yoshida vafot etdi.

S.Tursunmuhamedov 1929-yil 11-yanvarda Qozog‘iston Respublikasining Chimkent viloyatiga qarashli Turkiston shahrida tug‘ildi. 1952-yili O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni tugatib, ushbu universitet aspiranturasida tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, keyinchalik doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.

O‘z mehnat faoliyatini 1955-yili Toshkent moliya-iqtisod institutida katta o‘qituvchi sifatida boshlagan iste’dodli olim qariyb 65 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent xalq xo‘jaligi instituti (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) dotsenti, professori, kafedra mudiri, Respublika ijtimoiy fanlar o‘qituvchilari malakasini oshirish instituti direktori, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi Toshkent davlat pedagogika universiteti) rektori, Respublika yuqori malakali pedagoglar tayyorlash instituti direktori, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti kafedra mudiri kabi lavozimlarda samarali mehnat qilib, mamlakatimizda ilm-fan va ta’lim sohalarini rivojlantirish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.

Zahmatkash olimning ijtimoiy falsafa va sotsiologiya sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan maqola va tadqiqotlari, monografiya va risolalari yurtimiz olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma’lum.

Jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga ta’lim-tarbiya bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.

Akademik S.Tursunmuhamedovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi» faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan edi.

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Sattor Tursunmuhamedovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,

A.Aripov, B.Yo‘ldoshev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring