Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekiston havo yo‘llari»ga baribirmi?!

«O‘zbekiston havo yo‘llari»ga baribirmi?!

Foto:«Airways.uz»

Sarlavhani o‘qib, xayolingizga birinchi kelgan narsa, yana bilet narxi oshdimi degan savol bo‘lsa kerak. Ha oshdi, salkam ikki barobarga! Kechagina ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p bahs va mulohazalarga sababchi bo‘lgan voqealarning biri «O‘zbekiston havo yo‘llari» tomonidan ichki reyslar uchun bilet narxlari oshirilganigi, masalan, 4 may kuni Toshkent-Urganch reysi bo‘ylab Y klassda 461 ming so‘m evaziga parvoz qilgan bo‘lsa, endilikda xuddi shu klass uchun bilet narxi 887 ming so‘m etib belgilangani haqida xabarlardir, bu so‘mmani aniq tasavvur eting naqd 100 dollardan ko‘pdir. Ha, endi respublikamiz ichida, masalan, Toshkentdan-Qoraqalpoqgacha parvoz etmoqchi bo‘lsangiz yo‘l kiraning o‘ziga 100 dollardan ko‘p pulingiz bo‘lishi kerak. Endi bir o‘ylab ko‘ring, mamlakatimizda o‘rtacha ish haqining normal ahvoli shuncha so‘mma bo‘lsa. Masalaning eng ahamiyatli tarafi, bu haqida O‘zbekiston havo yo‘llari aholiga hech qanday rasmiy ma’lumot bermagan.


Mavzuga doir: Noming o‘chsin, monopoliya

Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston havo yo‘llari ichki va tashqi reyslarni amalga oshiruvchi yagona monopol kompaniyadir. Kuniga minglab yo‘lovchilar, uzoq va yaqin masofalarga ushbu kompaniya transportidan foydalanadi. Demak, kompaniya monopol tashkilot bo‘lishidan qat’iy, aholi, iste’molchilar talablarini ham qondirish kerak.

Azamat Tilepov (32 yosh):Yaqinda onamning mazalari qochdi. Nukusda shifoxonaga ko‘rsatganimizda, zudlik bilan Toshkentda tekshirtirishimiz kerakligi aytishdi. Butun oila xavotirga tushdik. Qo‘shni-qarindoshlar qarz qilib pul to‘pladik. Ammo, samolyot bilet narxini eski narx bo‘yicha hisobga olibmiz. Qarasak, Y klass narxi ikki barobarga oshibdi, boshqa klasslarda bo‘lsa joy qolmagan ekan. Noiloj, biletni sotib oldik.

Hammamiz ham, samolyotda pulimiz ko‘pligi uchun parvoz qilmaymiz. Oxirgi paytlar bu sohada yangi qarorlar, chora-tadbirlar ishlab chiqilganligi qulog‘imizga chalingandi. Ammo, bu xalq manfaati uchun deb o‘ylagandik. Albatta, mamlakatimizda 1999-yil 19-avgustda yangi tahrirda qabul qilingan «Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi qonun amalda va ushbu qonunning asosiy maqsadi tovar bozorlarida tabiiy monopoliya sub’yektlarining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlarni tartibga solishdan, shuningdek iste’molchilar, davlat va tabiiy monopoliya sub’yektlari manfaatlarining mutanosibligini ta’minlashdan iborat.

Ushbu qonundan oldinroq, ya’ni 1996-yilning 26-aprelida qabul qilingan «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 2-moddasida, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonundan va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir, deyiladi, ya’ni «Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi qonun ham iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari jumlasidandir. Qonunning 4-moddasiga ko‘ra, iste’molchi tovar (ish, xizmat) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish huquqiga ega, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) esa iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shartligi belgilab qo‘yilgan (6-modda). Haqiqatan ham, «Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida»gi qonun talablaridan kelib chiqib, monopol mahsulot egasi, ya’ni O‘zbekiston havo yo‘llari milliy aviakompaniyasi (O‘HY MAK) narxlar (tariflar)ni oshirish bo‘yicha loyiha vakolatli organ tomonidan ko‘rib chiqilgandan so‘ng, ushbu organning qarorini narxlar oshirilishidan 15 kun avval ommaviy axborot vositalarida e’lon qilishi (7-modda) va iste’molchilarni ogohlantirishi lozim edi. «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 21-moddasiga ko‘ra, shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan va qonun hujjatlariga zid bo‘lgan talablari haqiqiy emas deb hisoblanadi. Agar ularni qo‘llanishi natijasida iste’molchiga zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim. Tabiiy monopoliya sub’yekti narxlarni oshganligi to‘g‘risida OAVda oldindan ma’lumot berilishini ta’minlab bermasligi natijasida, 21-moddada keltirib o‘tilganidek, iste’molchilar huquqlarini cheklab qo‘yish va qonun hujjatlariga zid bo‘lgan talablarni qo‘yish yuzaga kelmoqda, deyish mumkin.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘HY MAK mas’ullariga narxlar (tariflar)ni oshirilishi bo‘yicha OAVlarda iste’molchilar keng ommasini xabardor etish, shundan so‘ngina qonunlar bilan belgilab berilgan muddatlar to‘liq o‘tgach (ya’ni 15 kun), aviachiptalar narxlarini oshirish qonun talablari bo‘yicha to‘g‘ri bo‘lishi to‘g‘risida eslatib o‘tamiz.

Shuningdek, aviachipta narxlarini optimallashtirish va aviakompaniyalar sonini ko‘paytirish, sohada sog‘lom raqobatni shakllantirish vaqti keldi. Shuni alohida aytib o‘tish kerakki, O‘zbekiston Havo yo‘llari xususida aytilmagan (va balkim aytila olinmaydigan) muammolar hali ko‘pligini ta’kidlamay ilojimiz yo‘q.

Ayjamal Joldasbayeva,
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish
jamiyatlari federatsiyasi yetakchi mutaxassis

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring