O‘zbekiston harbiylari shimoliy Tojikistonga kirib borishdi (foto)
O‘zbekiston va Tojikiston respublikalari qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari o‘rtasida hamkorlikda So‘g‘d viloyatidagi «Choruxdayron» poligonida o‘tkazilayotgan «Jangovar hamdo‘stlik—2018» o‘quvlarining birinchi kuni o‘z nihoyasiga yetdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlarning birinchi kunida tezkor guruh shtabi tashkil etildi. Tojikiston mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Bosh shtabi boshlig‘i general-leytenant Emomali Sobirzoda tomonidan ushbu guruh faoliyati muvofiqlashtirilib, dala o‘quv maydonidagi amaliy mashg‘ulotlar bilan parallel ravishda ishlar olib borilishi ta’kidlandi. O‘zbekiston harbiylari tomonidan jangovar texnikalar, uchuvchisiz uchish apparatlari, 6 ta minomyot hamda 2 ta H215 vertolyot qo‘llanilib, taktik harakatlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Mashqlar jarayonida dastlab noqonuniy qurollangan terrorchi guruhlar joylashgan hudud to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘zbekistonlik harbiylar (uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida) tomonidan yuqori qo‘mondonlikka yetkazildi. Hamkorlikda «Dushman shaharcha»siga hujum uyushtirildi. O‘zbekistonlik harbiylar zirhli texnikalarda belgilangan yo‘nalish bo‘yicha ishonchli harakatlanib, shartli dushman joylashgan ob’yektni egalladi. Shartli dushman kelish ehtimoli bo‘lgan yo‘nalishga esa O‘zbekiston va Tojikiston Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlarining vertolyot aviatsiyalari tomonidan taktik desantlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Tojikiston-O‘zbekiston hamkorligidagi harbiy mashg‘ulotlar 22-sentyabr kuniga qadar davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter