O‘zbek tili chindan ham davlat va xalq tili darajasiga erisha oldimi?
«Davlat tili haqida»gi qonunni qabul qilish biz uchun oson kechmaganini, mustaqillik yillarida o‘zbek tilini davlat tiliga aylantirish yo‘lida ko‘p va xo‘b urinishlar bo‘lganini xalqimiz juda yaxshi biladi. Shuncha yillar o‘tdi, xo‘sh, o‘zbek tili chindan ham davlat va xalq tili darajasiga erisha oldimi? Savol hamon dolzarb, demak...
2019-yil 21-oktyabr kuni Davlatimiz rahbari «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Xususan, 21-oktyabr yurtimizda «O‘zbek tili bayrami kuni» deb belgilandi. Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Qolaversa, Vazirlar Mahkamasi huzurida o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan, yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritadigan Atamalar komissiyasi ishlab turibdi.
Bu, albatta, muhim hujjat, davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarning mantiqiy davomi, sohada yana bir muhim qadam. Chunki O‘zbekistonda shu vaqtgacha davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshiradigan yagona, mustaqil va markazlashgan tuzilma yo‘q edi.
Biroq...
Yechimini kutayotgan muammolar talaygina.
«Davlat tili haqida»gi qonunning bir qator normalari deklarativ va umumiy xarakterga ega bo‘lganligi sababli ko‘zlangan maqsadlarga to‘la erishish imkonini bermayapti. Xususan, «Davlat tili haqida»gi qonunning (keyingi o‘rinlarda Qonun) 8-moddasida «O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va e’lon etiladi. Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham e’lon qilinadi», deb belgilangan bo‘lsa-da, ayrim sohalardagi davlat idoralarida hujjatlarni davlat tilida qabul qilish yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan. Bu esa ayrim hollarda jismoniy va yuridik shaxslarga noqulayliklar keltirib chiqarmoqda.
Shuningdek, Qonunning 10-moddasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarining ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkinligi belgilanganligiga qaramasdan, ayrim sohalarda statistika va moliya hujjatlari, shartnomalar talab darajasida davlat tilida yo‘lga qo‘yilmagan. Xususan, ayrim xizmat ko‘rsatish sohalari (kommunal, internet xizmatlari va hk.) tomonidan shartnoma, dalolatnoma, ogohlantirish xati kabi hujjatlarni xorijiy tilda rasmiylashtirish holatlarini ko‘rish mumkin.
Qonunning 20-moddasida lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin, deb belgilangan bo‘lsada, mazkur qoidaga har doim ham amal qilinmayapti. Xususan, ayrim savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohlari tomonidan bevosita yoki internet tarmoqlari orqali berilgan lavhalar va e’lonlarda davlat tili talablariga rioya qilmaslik holatlarini kuzatish mumkin.
Masalan, savdo do‘konlari, umumiy ovqatlanish joylarida va ularning internet saytlarida xorijiy tilda yozilgan «mi otkrilis», «rasprodaja», «skidka», «dostavka», «sale» kabi so‘zlarni ko‘p uchratamiz.
Vaholanki, o‘zbek tilida ushbu so‘zlarning «chegirma», «yetkazib berish», «arzon narxda» kabi muqobillari mavjud.
Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining hujjatlarida o‘zbek tilida o‘rindoshi mavjud bo‘lgan so‘zlardan foydalanmasdan xorijiy atamalarni (termin, shtat, komissiya va boshqa shu kabi so‘zlarni) qo‘llash holatlarini ham uchratish mumkin.
Keltirilgan misollar xamir uchidan patir, xolos.
Xorijiy tajriba
Ozarbayjon. 2002-yil 30-sentyabrda qabul qilingan «Ozarbayjon Respublikasida davlat tili to‘g‘risida»gi qonunda Ozarbayjonning har bir fuqarosi davlat tilini bilishga majburligi, ozarbayjon tili mamlakat siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy va madaniy hayotining barcha jabhalarida davlat tili sifatida qo‘llanilishi nazarda tutilgan (1-modda).
Xizmat ko‘rsatish sohasida, reklama va e’lonlar berishda davlat tili qo‘llaniladi. Xorijiy davlat fuqarolariga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlarda esa davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillar ham qo‘llanilishi mumkin. Bunda xorijiy tildagi reklama yoki e’lon egallagan maydon uning davlat tilida berilgan shaklidan katta bo‘lmasligi va bunday e’lonlar ularning ozarbayjon tilidagi shaklidan so‘ng joylashtirilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan (7-modda).
Shuningdek, ushbu qonunda Ozarbayjon Respublikasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning nomi va ulardagi yorliqlar, shuningdek boshqa yozuvlar tegishli xorijiy til bilan birga davlat tilida ham bo‘lishi kerakligi, mamlakat hududiga import qilinayotgan mahsulotlarning nomi va ulardagi yorliqlar, qo‘llash yo‘riqnomalarining ozarbayjon tilidagi tarjimasi bo‘lishi shartligi keltirib o‘tilgan.
Bundan tashqari, Qonunning 13-moddasida ozarbayjon tilining orfografiya va orfoepiya qoidalari tegishli ijro etuvchi hokimiyat organi tomonidan tasdiqlanishi, yuridik, jismoniy va mansabdor shaxslar mazkur qoidalarga qat’iy amal qilishlari lozimligi, har besh yilda bir marta mas’ul organ tomonidan yozma til qoidalarini o‘z ichiga oluvchi lug‘at (imlo lug‘ati) nashr etib borilishi belgilangan.
Qonuning 15-moddasida Ozarbayjon Respublikasida chop etiladigan bosma nashrlar davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan ozarbayjon alifbosida nashr qilinishi lozimligi nazarda tutilgan.
Gruziya hukumati tomonidan 2015-yil 22-iyulda qabul qilingan «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunda davlat xizmatchisi davlat tilini bilishi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan (6-modda). O‘z navbatida, Qonunda normativ-huquqiy hujjatlar davlat tilida, Abxaziya Muxtor Respublikasida shuningdek abxaz tilida tayyorlanishi va e’lon qilinishi belgilangan. Qonunchilik tashabbusi bilan Gruziya parlamentiga kiritilayotgan qonun loyihalari va takliflar gruzin tilida taqdim etiladi.
Shuningdek, Qonunda davlat tilini himoya qilish kafolatlariga qaratilgan alohida bob ajratilgan bo‘lib, unda davlat gruzin tilini himoya qilishi, barcha davlat organlari va mahalliy idoralari davlat tilining rivoji va sofligi uchun javobgar ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Davlat organlari va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ularga davlat tilida javob berishi, gruziya qonunlarida alohida belgilangan hollar bundan mustasno sifatida belgilangan.
Fransiyada 1994-yilda qabul qilingan Tubon qonunida davlat tashkilotlari tomonidan ish yuritish istisnosiz fransuz tilida olib borilishi, atamalarning fransuzcha muqobili turganda, boshqa tildagisini ishlatish taqiqlanishi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, kinosaroylarda filmlar namoyishi va reklamalarda fransuz tili qoidalariga to‘liq rioya qilishi belgilangan.
Qozog‘istonning davlat tili to‘g‘risidagi qonunchiligiga ko‘ra, davlat tili qozoq tili bo‘lib, davlat tili — davlat boshqaruvi, qonunlar, sud ishlarini yuritish, ish yuritish tili bo‘lib, butun davlat hududida ijtimoiy munosabatlarning barcha sohalarida amal qilishi, davlat tilini bilish har bir Qozog‘iston Respublikasi fuqarosining burchi va vazifasi ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Ukraina qonunchiligida siyosatchilar, mansabdor shaxslar, harbiy xizmatchilar, tibbiyot va ta’lim xodimlari o‘zlarining xizmat vazifalarini davlat tilida olib borishi kerakligi nazarda tutilgan.Shuningdek, ukrain tili ommaviy axborot vositalarida, kitob nashrlarida, kinoteatr va televideniyeda ustun bo‘lishi kerak.
Xulosa va takliflar
Xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda davlat tilini takomillashtirish yuzasidan quyidagilar taklif qilinadi:
- Davlat tilini bilish O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchi ekanligini qonun bilan mustahkamlash;
- Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda atamalarning o‘zbekcha muqobili turganda, boshqa tildagisini ishlatish taqiqlanishini qat’iy belgilab qo‘yish;
- Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlarini davlat tilida yuritishni shart qilib, zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishini belgilash;
- Xorijiy tilda berilgan reklama yoki e’lonlar ularning o‘zbek tilidagi shaklidan so‘ng joylashtirilishi lozimligini belgilash;
- Davlat xizmatchilarining davlat tilini bilishi shartligini nazarda tutish, ularning davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha imtihon qilish amaliyotini joriy etish.
Ishonamizki, mazkur o‘zgarishlar bo‘lgan taqdirda davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati oshishiga, davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritish to‘liq davlat tilida amalga oshirilishiga olib keladi.
Ravshan Nurmatov,
Sardorbek Avezov,
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimlari
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter